Inson hayotining maʼnosi, uning jamiyatdagi obroʻ-eʼtibori va xonadonidagi qut-baraka, eng avvalo, halol mehnat darajasi bilan oʻlchanadi. Halollik shaxsning eʼtiqodi, dunyoqarashi va maʼnaviy kamolotini belgilab beruvchi eng oliy mezon sanaladi. Asrlar davomida «Halol mehnat – mangu rohat», «Haloldan kelgan baraka – elga toʻy, haromdan kelgan kulfat – boshga gʻov» kabi naqllar bejiz aytilmagan. Ushbu purhikmat soʻzlar ortida insoniyatning koʻp asrlik hayotiy tajribasi, maʼnaviy-axloqiy saboqlari va yuksak eʼtiqodi mujassam. Halol yoʻl bilan topilgan rizq va mehnat mahsuli nafaqat xonadonga moddiy baraka olib kiradi, balki inson qalbiga ajralmas xotirjamlik hamda ichki halovat baxsh etadi.
Maʼrifatparvar bobolarimiz taʼkidlaganidek, mehnatning halolligi insonning irodasini toblaydi va uning yuzini yorugʻ qiladi. Mehnati halol boʻlmagan kimsaning esa na qalbida halovat va na oilasida baraka boʻladi. Bugungi jadal rivojlanayotgan davrda, jamiyatimizda tub islohotlar amalga oshirilayotgan bir sharoitda, har bir soha vakilidan, ayniqsa, davlat xizmatchilari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlaridan oʻz xizmat vazifalariga masʼuliyat va halollik bilan yondashish talab etilmoqda.
Bugun «halol mehnat» tushunchasi barcha sohalarda sifat koʻrsatkichi hamda barqaror rivojlanishning asosiy drayveriga aylanib bormoqda.
Ichki ishlar organlarida xizmat qilish – kasbiy faoliyat turi emas, balki xalqimiz, davlatimiz oldidagi yuksak maʼnaviy-huquqiy burch va oliy masʼuliyatdir. Jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashish kabi murakkab vazifalar har bir xodimdan yuksak kasbiy mahorat bilan birga, mustahkam maʼnaviyat, temir iroda va pokdomonlikni ham talab etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida»gi qonuni va sohaga oid koʻplab meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda xodimlarning halolligi, shaffofligi va xolisligi bosh mezon qilib belgilangan. Ichki ishlar organlari xodimining faoliyatida halollik toʻrtta asosiy ustunga tayanadi: birinchidan, har bir murojaat koʻrib chiqilishida hamda surishtiruv va tergov jarayonlarida begʻaraz boʻlish va qonun ustuvorligiga qatʼiy tayanish; ikkinchidan, xizmat vakolatlarini suiisteʼmol qilmasdan, fuqarolar bilan muloqotda samimiy, xushmuomala va adolatli boʻlish; uchinchidan, xizmat guvohnomasi va formasini shaxsiy manfaatlarni qondirish vositasiga aylantirmaslik; toʻrtinchidan, har qanday moddiy yoki maʼnaviy ogʻdirish urinishlariga nisbatan qatʼiy rad javobini berib, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish lozim.
Xodimlarning har bir xatti-harakati, qabul qilayotgan qarori va fuqarolar bilan muloqot tarzi davlat hokimiyatining umumiy obroʻsiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Fuqaro ichki ishlar organlari xodimida adolat, halollik va tom maʼnodagi himoyachini koʻrsagina, unda davlatga va qonunga boʻlgan
ishonch yanada mustahkamlanadi. Shu sababli xalq ishonchini qozonish halol xizmatning eng birinchi va asosiy natijasidir. Inson hayotida «halol» va «harom» tushunchalari oʻrtasidagi chegara uning maʼnaviy iymoni hamda idroki orqali belgilanadi.
Afsuski, ayrim hollarda xizmat faoliyatida duch kelinadigan korrupsiyaviy jarayonlar, tamagirlik va shaxsiy manfaatni xizmat manfaatlaridan ustun qoʻyish holatlari nafaqat qonun buzilishiga, balki shaxsning maʼnaviy tubanlashuviga olib keladi. Nojoʻya yoki noqonuniy yoʻllar bilan topilgan moddiy manfaatlarda hech qachon qut-baraka va xotirjamlik boʻlmaydi. Bu kabi xatti-harakatlar insonning el-yurt oldidagi yuzini qora qiladi, oilasida va farzandlari tarbiyasida salbiy asoratlarni keltirib chiqaradi. Halol va fidoyi xizmat qalbdagi xotirjamlik, yuqori kasbiy gʻurur, el-yurt eʼtirofi va hurmatiga sazovor qilsa, manfaatparastlik va noqonuniy xatti-harakatlar doimiy xavotir, vijdon azobi, maʼnaviy inqiroz va kasbiy deformatsiyaga sabab boʻladi.
Kasbiy faoliyatida halollikni bosh mezon bilgan xodim xonadoniga doimo tinchlik va fayz hamroh boʻladi. Tinch va barakali xonadondan chiqqan xodim esa, oʻz navbatida, xizmatda ham yuqori natijalarga erishadi, topshirilgan vazifalarni sidqidildan bajaradi. Sharq mutafakkirlari taʼkidlaganidek, farzandlarga beriladigan eng katta meros – halol rizq va toza nomdir. Halol mehnat bilan topilgan har bir soʻm oilaning maʼnaviy va moddiy ustuni boʻlib xizmat qiladi. Xizmat faoliyatida duch kelinadigan mashaqqat va sinovlarni sabr hamda halollik bilan yengib oʻtgan xodim oʻz farzandlari uchun haqiqiy hayotiy qahramon va oʻrnak namunasiga aylanadi. Ota yoki onasining halol va sharafli xizmatidan gʻururlangan farzand ham kelajakda halol va vatanparvar inson boʻlib kamol topadi.
Ichki ishlar organlarida halollik muhitini yanada mustahkamlash va har bir xodimning maʼnaviy dunyoqarashini boyitish uchun soʻnggi yillarda tizimda «Ustoz-shogird» anʼanalarini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Katta tajribaga ega, koʻp yillar davomida vijdonan xizmat qilib, xalq va hamkasblar eʼtiborini qozongan faxriylar hamda tajribali xodimlarning hayot yoʻli va xizmat tajribasini yosh xodimlarga yetkazish lozim, chunki yoshlarda kasbga sadoqat va halollik koʻnikmalarini shakllantirishda ustozlarning shaxsiy ibrati eng samarali usuldir. Bundan tashqari, xodimlar doimiy ravishda oʻzlarining huquqiy va maʼnaviy bilimlarini oshirib borishi, badiiy hamda ilmiy adabiyotlarni oʻqishi va tarixiy-milliy qadriyatlarni oʻrganishi uchun zarur imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bu esa xodimlarning ruhiy dunyosini boyitadi hamda ularni turli nojoʻya va salbiy taʼsirlardan himoya qiluvchi maʼnaviy qalqon vazifasini oʻtaydi.
Xulosa qilib aytganda, halol mehnat nafaqat insoniy fazilat, balki ichki ishlar organlari xodimi faoliyatining bosh mezoni, uning hayotiy va kasbiy mayogʻidir. Halol va sidqidildan qilingan xizmat evaziga erishilgan har bir yutuq, el-yurtning samimiy minnatdorligi, duosi xodim va uning oilasi uchun eng buyuk baraka hamda baxt manbayidir.
Bugun Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz osudaligi va jamoat tartibini saqlash borasida amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlarda halollik va poklik ustuvor tamoyil boʻlib qolishi lozim. Har bir xodim oʻz kasbiy burchiga sadoqat bilan yondashsa, halol mehnati bilan jamiyatimizda qonun ustuvorligi va adolatni qaror toptirishga munosib hissa qoʻshadi. Zotan, Vatanga va xalqqa sadoqat bilan halol xizmat qilish – oliy sharaf va mustahkam baraka manbaidir!
Abror POYONOV,
katta mutaxassis-muxbir, katta serjant.