Fargʻona viloyati IIB rahbariyati soha xodimlari uchun munosib shart-sharoit yaratish, xizmatda foydalanish uchun zarur boʻladigan zamonaviy tenik vositalar bilan taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratmoqda.
Fargʻona shahridagi “1-Beshbola” mahalla fuqarolar yigʻinida profilaktika inspektorlari uchun tashkil etilgan oʻquv seminari ayni yoʻnalishda soha xodimlarining bilim va malakasini oshirishga xizmat qildi. Viloyat IIB rahbariyati hamda Fargʻona shahar hokimi ishtirok etgan seminarda “qizil” toifadagi mahallalarni “sariq” va “yashil” toifaga oʻtkazish borasida oʻzaro tajriba hamda fikr almashildi.
– Seminar ishtirokchilari namunaviy tarzda jihozlangan xizmat xonalarimizni koʻzdan kechirishdi, – deydi “1-Beshbola” mahallasiga xizmat koʻrsatuvchi profilaktika inspektori, mayor Iqrorjon Boʻtaev. – Shu yerning oʻzida “qizil” toifadagi mahallalarni “sariq” va “yashil” toifaga oʻtkazish borasida amalga oshirilishi zarur boʻlgan ustuvor vazifalar koʻrgazmali tarzda tushuntirib berildi. Bu borada koʻp yillik tajribaga ega inspektorlarning takliflari ham eshitildi.
Seminar davomida 25 nafar inspektorga xizmatda foydalanish uchun maxsus dasturlarga ega planshetlar, yangi mebellar toʻplami topshirildi. Shuningdek, kanselyariya mahsulotlari hamda kompʼyuter jamlanmalari ham tarqatildi.
– Endilikda planshetga ega boʻlgan inspektor huquqbuzarlik sodir etilgan joyning oʻzidayoq bayonnoma rasmiylashtirishi mumkin, – deydi Fargʻona shahar IIOFMB boshligʻi, podpolkovnik Anvarjon Mirzayev. – Bunday vositalar xodimlarning xizmat samaradorligini oshirishi shubhasiz.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
