Maqola qahramoni 2022-yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelmoqda. U Namangan muhandislik-texnologiya instituti bitiruvchisi. Texnik ma’lumoti xizmatga yondashuvida yaqqol seziladi: kichik serjant har bir vazifani tizimli va puxta bajaradi. Avtomobillar tig‘iz oqimida u shunchaki mashinalarni emas, balki ehtimoliy xavfni oldindan hisoblash va yo‘l-transport hodisasining oldini olish zarur bo‘lgan murakkab tizimni ko‘radi. Shu bilan birga, inspektor odamlarning ruhiy holatini ham nozik his qiladi. U ishonchsiz boshqaruv, ruldagi shoshqaloq harakatlar yoki yo‘lakni keskin almashtirish ortida ko‘pincha parishonlik, zo‘riqish va diqqatning susayishi yashirinishini yaxshi biladi.
— Harakat sur’ati nihoyatda yuqori, — deydi Q. Nazaraliyev. — Mening vazifam faqat qoidabuzarlikni qayd etish emas, balki xavfni o‘z vaqtida bartaraf etish, haydovchini tinchlantirish va unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdir.
Bugun inspektorlar xizmati zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan. Masalan, mobil planshetlar zarur ma’lumotlarni kechiktirmay olish, odatiy tekshiruv vaqtini qisqartirish va bahsli holatlarning oldini olish imkonini beradi. Bu esa asosiy vazifa — huquqbuzarliklar profilaktikasiga ko‘proq e’tibor qaratishga yordam beradi.
Suratda Q. Nazaraliyev shaharning asosiy ko‘chalaridan biri — Shota Rustaveli ko‘chasida xizmat vazifasini bajarayotgan paytda tasvirlangan. Rekonstruksiyadan so‘ng bu yerdagi harakat tartibi tubdan o‘zgardi: tezkor avtobus transporti (BRT) uchun tajriba yo‘nalishi ishga tushirildi, veloyo‘laklar va yangi piyodalar o‘tish joylari barpo etildi. Yangilangan infratuzilma sharoitida inspektordan yanada katta e’tibor talab etiladi.
Xizmat kunlari qanchalik murakkab bo‘lmasin, Qahramonni uyida ishonchli tayanchi — turmush o‘rtog‘i Mohinur va uch yoshli qizi Sa’diya kutadi. Oila mehriga o‘ralgan qizaloq ota-onasi bolaligidan singdirayotgan qadriyatlarga hurmat va g‘amxo‘rlik muhitida ulg‘aymoqda.
Radik TUMPAROV,
maxsus muxbir.
Ikrom HASANOV olgan surat.