1. Yangi Yoʻl harakati qoidalari kuchga kiradi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Yangi Yoʻl harakati qoidalariga koʻra 2022 yil 1 maydan:
• aholi punktlarida transport vositalarining tezligini soatiga 70 kilometrdan (bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Avtomobilʼ yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori bilan tashkil etilgan Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash respublika komissiyasining qarori asosida Toshkent va Nukus shaharlari va viloyatlar markazlaridagi yoʻl harakati qatnovi yuqori boʻlgan va aholi gavjum hududlarda transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilanishi mumkin);
• maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari atrofidagi yoʻllarda 300 metrgacha boʻlgan masofada soatiga 30 kilometrdan;
• turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanish;
• yengil avtomobillarda yuk tashishga ularning tom qismiga oʻrnatilgan yukxonadagi yukning balandligi 1 metrdan va uzunligi avtomobilʼ gabaritidan 0,5 metrdan oshmagan taqdirda ruxsat etiladi;
• yuk avtomobillari, Yoʻl harakati qoidalarida belgilangan ayrim istisnolardan tashqari barcha holatlarda, yoʻlning faqat oʻng qatnov qismidan harakatlanishi lozim;
• transport vositalarining qayrilib olish joylarida va unga 30 metr yetmasdan yoki oʻtib toʻxtashi taqiqlanadi;
• sutkaning qorongʻu vaqtida yoki yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda yoʻlning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar nur qaytaradigan kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementlar boʻlgan ustki kiyimda boʻlishlari shart.
2. “Avtomobilʼ tarixi” xizmatini koʻrsatish boshlanadi
“Avtomobilʼ tarixi” maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida" Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, 2022 yil 1 maydan eʼtiboran “Avtomobilʼ tarixi” maʼlumotlarini shartnomaviy asosda Davlat xizmatlari markazlari, YaIDXP yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash boʻyicha davlat xizmati yoʻlga qoʻyiladi.
3. Pensiya va nafaqa toʻlashning yangi tartibi kuchga kiradi
“Davlat pensiyalari, nafaqalar, kompensasiyalar va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni toʻlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Prezident qaroriga binoan:
2022 yil 1 maydan boshlab:
• “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga va oilalarga toʻlanadigan ishsizlik nafaqasi va stipendiyalar hamda jazoni oʻtab ozodlikka chiqqan fuqarolarga toʻlanadigan moddiy yordam pullari har oyning 5-sanasiga qadar moliyalashtiriladi hamda pensiya va nafaqalar bilan bir vaqtda AT “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan mahallalarga yetkaziladi;
• barcha turdagi pensiya va nafaqa toʻlovlari naqd shaklda beriladi yoki fuqarolarning roziligi asosida bank kartasiga oʻtkaziladi.
Bunda pensiya, nafaqa va moddiy yordamlarni yetkazib bergani uchun Pensiya jamgʻarmasi va byudjetdan bankka 1 foiz xizmat haqi toʻlab beriladi hamda pensiya, nafaqa va moddiy yordamlarni bank kartalarida qabul qiluvchilarga pensiya va nafaqa pulining 1 foiz miqdorida qoʻshimcha toʻlov joriy qilinadi.
4. Xorijliklarning koʻchmas mulkka investisiya kiritish shartlari oʻzgardi
“Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoniga koʻra, 2022 yil 1 maydan boshlab roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xorijiy davlatlar fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan quyidagi koʻchmas mulk obʼektlarini (bundan yer uchastkasi mustasno) sotib olish tarzida investisiya kiritish huquqi beriladi:
• Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 000 AQSh dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan koʻchmas mulk obʼektlarida qiymati 180 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan koʻchmas mulk obʼektlari;
• boshqa hududlarda – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 70 000 AQSh dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan koʻchmas mulk obʼektlarida qiymati 85 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan koʻchmas mulk obʼektlari.
5. Yosh tadbirkorlar uchun grantlar ajratiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm, madaniyat, madaniy meros va sport sohalarini yanada rivojlantirish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida Yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjetidan Turizm va sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan har bir tashabbuskorga 50 mln soʻm miqdorida, jami 10 mlrd soʻmgacha grantlar ajratiladi.
6. Xorijda ishlayotgan fuqarolarning oila aʼzolariga bir martalik moddiy yordam beriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mablagʻlari hisobidan har yili: tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan xorijda ishlayotgan fuqarolarning oila aʼzolariga bir martalik moddiy yordam beriladi.
7. Tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishni tashkil etish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi "Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga binoan Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash maqsadida “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi ishga tushiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʻyilgan bemor bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga koʻra, 2022 yil 1 maydan cpinal mushak atrofiyasi kasalligi tashxisi tasdiqlangan bemor bolalar uchun:
• U.K. Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida respirator qoʻllab-quvvatlash talab etilmagan davolanuvchi bolalarning reabilitasiyasi uchun mavjud oʻrinlar soni doirasida 10 ta stasionar oʻrin;
• Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida mulʼtidissiplinartekshiruv va davolash jarayoni tashkil etiladi.
8. 2022 yil 1 maydan bojxonada ishlar soddalashtiriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qoʻllanilishini soddalashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini qoʻllashning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona hududiga olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” qarori bilan “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom kuchga kiradi.
9. Hokimlarning qaror qabul qilishi murakkablashadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, Mahalliy ijro hokimiyati organlari qarorlarini qabul qilishda adliya organlarining ijobiy xulosasi olinishi belgilangan hollarda, bunday xulosa olinmasdan tegishli qarorlarni qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Mahalladagi xotin-qizlar faolining maoshi xonadonlar soniga bogʻlanadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq Mahalladagi xotin-qizlar faolining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda belgilanadi, mahallalardagi xotin-qizlar faollarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi shakllantiriladi.
