Urganch tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi katta tergovchisi, kapitan Azamat Sultonov uchun bu kun oddiy ish kuni edi. Stol ustida fuqaro A. Ashirovga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi. Ogʻir modda, jiddiy qaror.
Shu ishni «yopish» maqsadida Qoʻshkoʻpir tumanida yashovchi fuqaro J. Ahmedov xizmat xonasiga kirib keldi. Mehmon gapni uzoqqa choʻzmasdan shartta konvertni stolga qoʻydi. Ochish shart emas, 20 ming «koʻki», biz rozimiz, dedi.
Tergovchi bu ishning jinoyat ekanini unga uzoq tushuntirgan, qayta-qayta rad etgan edi. Bu haqda rahbarlarini ogohlantirgan, shu gal ham tinch qoʻymasa, xabar qilaman, degan edi.
– «Hammamiz odammiz», – dedi mehmon.
Kapitan javob bermadi. Telefonni oldi. Oʻsha lahzada xonadagi jimlik birdan portladi. Tezkor xizmatlar xodimlari pora berish vaqtida ushlab, mehmonning qoʻliga kishan urishdi. Holat rasmiylashtirilib, qonun ustuvorligi taʼminlandi. Pul dalilga aylandi. Qonun esa – jazo eshigini ochdi.
Nilufar JABBOROVA,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
