Qoʻqon shahrida yashovchi, 1974-yilda tugʻilgan D.B. 2002-yilning mart oyida qotillik jinoyatini sodir etib, yashiringan edi.
Oʻshanda mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Qoʻqon shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qidiruv eʼlon qilingan.
Yaqinda Qoʻqon shahar IIB 1-sonli IIB HPG profilaktika inspektori, kapitan X. Ahmedov qidiruvdagi fuqaro hozirgi kunda Qozogʻiston Respublikaning Turkiston viloyati hududida yashirinib yurganligi haqida maʼlumot oldi. Inspektor fuqaro foydalanayotgan telefon raqamini ham aniqladi va tezkor qidiruv xizmatiga taqdim etdi.
Shu maʼlumotlar asosida Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyati Polisiya departamentining jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda tadbir oʻtkazildi. Fuqaro D.B.ning Jetisay tumani hududidagi yashirin manzili aniqlanib, u qoʻlga olindi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, D.B. Qoʻqon shahar IIB xodimlari tomonidan qabul qilib olinib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
