Probatsiya xizmati tashabbusi bilan Fargʻona viloyatining Furqat hamda Qoʻshtepa tumanlarida sayyor sud majlislari oʻtkazildi. Bu haqda viloyat IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Furqat tumanida boʻlib oʻtgan sud majlisida muqaddam sudlanib, tayinlangan jazodan oʻziga tegishli xulosa chiqargan, jazoni oʻtash davrida maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etmagan, shuningdek, intizomiy javobgarlikka tortilmagan 12 nafar mahkumni muddatidan oldin ozod etish masalasi koʻrib chiqildi. Tuman IIB tomonidan kiritilgan taqdimnomalar koʻrib chiqilib, barchasi qanoatlantirildi.
Qoʻshtepa tumanida oʻtkazilgan sayyor sud majlisida ham tuman IIB tomonidan kiritilgan taqdimnomalar koʻrib chiqilib, 9 nafar mahkum jazodan muddatidan oldin ozod etildi.
Aksincha, jazo oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab, belgilangan tartibga rioya etmagan 2 nafar mahkumning jazosi ogʻirrogʻiga almashtirildi.
Bundan tashqari, sayyor sud davomida aholi bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, ularni qiziqtirgan huquqiy mavzudagi savollarga atroflicha javob berildi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
