«Qoʻrgʻontepa tumani Ichki ishlar boʻlimi Navbatchilik qismi eshitadi». Bu navbatchilik qismlarida har kuni bir necha marta yangraydigan jumla. Mana shu ikki ogʻiz soʻzning oʻzi ilinj bilan qoʻngʻiroq qilayotgan fuqaroda katta umid uygʻotadi. Uni eshituvchi, muammosini hal qiluvchi davlat idorasi borligidan koʻngli taskin topadi. 

Tuman IIB Navbatchilik qismida 6 nafar xodim faoliyat yuritadi. Shu kuni navbatchilikda boʻlgan mayor Gʻiyosiddin Norinboyev 10 yildan buyon sohada xizmat qiladi. Uning yordamchisi safdor Roʻzimuhammad Boʻtaboyev esa navbatchilikda besh yillik tajribaga ega xodim. Ikkalasi ham xushmuomalaligi, ogʻir-vazminligi va samimiyligi bilan eʼtiborimizni tortdi. Kecha-kunduz turli xil murojaatlarga javob berish, har xil vaziyatdagi fuqarolar bilan muloqotni amalga oshirish oson emas. Lekin bu yigitlarda charchoq alomatlarini sezmadik. Ikkisi ham birdek tetik, oʻz vazifasida shaxdam.

– Bir sutka mobaynida kamida 35–40 ta murojaatni qabul qilamiz. Ularning bir qanchasi «102» xizmati orqali, qolganlari bevosita qoʻngʻiroqlar asosida kelib tushadi. Tagʻin profilaktika inspektorlari tomonidan taqdim etiladigan arizalar ham bor. Qabul qilingan har bitta murojaat va hujjatni rasmiylashtirib, tegishli boʻlimlarga ijrosini taʼminlashga yoʻnaltiramiz. Qilingan hech bir murojaat yechimsiz qolmasligi kerak, – deydi mayor Gʻiyosiddin Norinboyev. 

Xizmat jarayonini kuzatish davomida shunday holatga guvoh boʻldik. Navbatchilar bir muddat ham chalgʻimay, butun diqqat-eʼtiborini ishga qaratmoqda. Ular xuddi shunday diqqat-eʼtibor, 24 soat sergaklik bilan oʻz xizmat vazifasini ado etishadi. 

«Navbatchilik qismi – ichki ishlarning yuragi», deyishadi. «Yurakning muntazam sogʻlom urishini taʼminlash esa bizning burchimiz». Bu fikr Qoʻrgʻontepa tumani IIB Navbatchilik qismi masʼuliyatli xodimlarining kundalik shioriga aylangan. 

Nigora TOʻXTAMATOVA, 

oʻz muxbirimiz.

Andijon viloyati.