Uning «Erta-indin toʻlayman», – degan puch vaʼdalariga ishonib, salkam ikki yil ovorayi sarson boʻlgan Gʻafur noiloj Buxoro shahar IIOFMB boshligʻiga ariza bilan murojaat qildi. Uning arizasi asosida shu yilning 21-iyun kuni fuqaro R. Qosimovga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Mazkur holat yuzasidan shahar IIOFMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, mayor Lutfullo Joʻrayev dastlabki tergov harakatlari olib borish jarayonida Ramizning yana bir fuqaroni chuv tushirganini aniqladi. Maʼlum boʻlishicha, 2024-yil 18-iyun kuni tadbirkor Sh.Abbosovning doʻkonidan 10 ming AQSH dollarilik avtomobillarning ehtiyot qismlarini va mebellarni olib ketadi. Pulning 6 ming AQSH dollarini ikki-uch kun ichida, qolganini esa 7–8 oy mobaynida boʻlib-boʻlib toʻlashga kelishadi. Ammo uning ikki-uch kuni erta-indin beraman bilan 2–3 oyga choʻziladi. Doʻkondorning qoʻngʻiroqlariga javob bermay qoʻyadi.
Tergov boʻlimi xodimlari har bir holatni sinchiklab oʻrganib, jinoyatlarni mohirlik bilan fosh etishyapti. Shu bois ham aybini turli bahonalar bilan yashirishga uringan kimsalar oxir-oqibatda qilmishini tan olishdan oʻzga chora topolmay qolishyapti. Katta tergovchi, kapitan Javohir Barotovga navbatdagi jinoyat ishi topshirildi.
Akfa ishlab chiqarish sexiga mahsulotlar keltiriladi. Ishchilar mahsulotlarni tushirib joylashtirgach, ovqatlangani shu yaqindagi oshxonaga kira qolishadi. Ovqatga buyurtma berib, kutishayotganda yonidagi chorpoyada oʻtirgan xoʻrandalar spirtli ichimlik taʼsiridami avval oʻzaro janjallashib, keyin ularni haqoratlay boshlashadi. Shu tariqa janjal kelib chiqadi.
– Dastlabki tergov jarayonida ayon boʻldiki, mushtumzoʻr ulfatlar ilgari ham aynan shunday jinoyat sodir etishib, biriga uch yil, ikkinchisiga bir yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan ekan. Ular bundan toʻgʻri xulosa chiqarmasdan, yana ikki sherigi bilan bezorilik jinoyatini sodir qilganlar, – deydi kapitan J. Barotov. – Bu bilan qanoatlanmasdan koʻchaga chiqib, yana bir jinoyatga qoʻl urishadi. Yoʻl chetida toʻxtagan «Matiz» rusumli avtomashinaning orqa oʻrindigʻida oʻtirgan kishiga tashlanishadi. U mashinadan tushishi bilan bir pasda doʻpposlashadi. To atrofdagilar ajratguncha yoʻlovchining boʻlgani boʻladi. Mushtumzoʻrlar «Nimaga bunday qildilaring?» – degan savolimga «Mastlik bizni shu koʻyga soldi», – deb javob berishdi. Ammo bu bahona boʻlolmaydi. Ular qonun oldida javob berishadi.
Zero, har bir jinoyat ishining ortida inson taqdiri, haq-huquqlari yotadi. Ayrim ayblanuvchilar oʻzini himoya qilish uchun barcha vositalarni ishga solishdan qaytmaydi. Ammo tergovchi faqat qonun doirasidagina harakat qilishi kerak. Boʻlim xodimlari har qanday murakkab vaziyatda ham tergovni faqatgina jinoyat-protsessual qonunchiligi talablari asosida olib borib, odilona xulosa chiqarishga harakat qilib kelishyapti.
Tergov boʻlimi xodimlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida koʻplab jinoyat ishlari tergov qilindi. Shuningdek, profilaktik tadbirlarni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalaridan keng koʻlamda foydalanilyapti. Mahalla fuqarolar yigʻinlari, korxona, muassasa va tashkilotlarda oʻtkazilayotgan uchrashuvlar, jinoyat muhokamalari, davra suhbatlari jinoyatlarning oldini olishda muhim omil boʻlyapti.
Boʻlimda xodimlarning aksariyatini yoshlar tashkil qiladi. Ularning maʼnaviyatini yuksaltirish, kasbiy malakasini oshirish, jismoniy va jangovar tayyorgarligini muntazam sinovdan oʻtkazib borish murabbiylarning zimmasiga yuklatilgan. Soha xodimlari oʻz vazifasini sidqidildan bajarib, viloyatda qonun ustuvorligini, huquq-tartibotni, tinchlik-osoyishtalikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshishyapti.
Mirzoqul AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
