Xatirchi tumanida foydalanishdan toʻxtatilgan tilla konlarini qoʻlbola usulda qonunga xilof ravishda oʻzlashtirib daromad olayotgan mahalliy fuqarolarga nisbatan qonuniy chora koʻrilayotganiga qaramay, hech qanday xavfsizlik qoidalariga amal qilmay mazkur xatti-harakatni amalga oshirayotgan shaxslar hali hanuz uchramoqda. 

Oltin vasvasasi sabab ana shunday konlarning “egalari” yaʼni, Oltinsoy va Chilosh qishlogʻining fuqarolari I.Sh. va M.M. kon talashib mushtlashganidan xabar topgan profilaktika katta inspektori N.Rahmonov shu zahotiyoq voqea joyiga yetib kelgan. Bu ikki fuqaroga profilaktik tushuntirish ishlarini olib borilishiga qaramay, ular kelgusida ikki qishloq fuqarolari janjali kutilayotganiga ishora qilgan. Bu haqida profilaktika katta inspektori zudlik bilan rahbariyatga xabar beradi. Shundan soʻng Oltinsoy qishlogʻida yashovchi 33 nafar va Chilash qishlogʻida yashovchi 20 nafarga yaqin fuqarolar taxminan 40-50 metr oraliq masofada janjal qilish maqsadida qoʻllariga tosh va tayoqlar olib toʻplanib turganliklarini koʻrgan xodim janjalni oldini olish maqsadida qoʻshimcha kuch vositalar kelgunga qadar fuqarolarni tinchlantirish choralarini koʻradi. Ammo ushbu fuqarolar bir-birini haqorat qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat tartibini buzib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan janjalni davom ettiradi. Oqibatda ular nafaqat bir-biriga balki profilaktika katta inspektori podpolkovnik N.Raxmonovga tegishli boʻlgan “Matiz” rusumli avtomashinaga tosh otib, uni orqa oynalarini sindirishadi. 

Otilayotgan toshlar shunchalik koʻp ediki, kim, qayerdan otayotgani sezilmaydi. Fuqarolar bir-birlariga tosh va tayoqlar otib, janjal qilayotgan vaqtda tuman IIB tergov tezkor guruhi va tuman IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari podpolkovnik A.Radjabov boshchiligidagi 20 nafar xodim voqea joyiga yetib kelishadi. Shundan soʻng ommaviy tus olgan katta janjalni tugatishga erishiladi.

 Jamiyatdagi qonun buzilish holatlariga duch kelganimizda aksariyat hollarda bir tomonlama baho beramiz. Vaholanki, mohiyatini chuqurroq anglaydigan boʻlsak, har qanday ogʻir jinoyatni oldini olishning hech boʻlmaganda bitta yoʻli mavjudligiga guvoh boʻlamiz. Xatirchi tumanidagi ikki qishloq odamlarining janjali oqibatida kimdir ogʻir tan jarohati olishi yoki boshqa birovning hayoti jiddiy xavf ostida qolishi mumkin edi. Profilaktika inspektorining oʻz vaqtida toʻgʻri qaror qabul qilganligi sabab vaziyat jiddiy tus olishining oldi olindi.

  Adovatni adolat yengar deganlaridek, sodir etilgan huquqbuzarlik tufayli JIB Xatirchi tuman sudi tomonidan 28 nafar fuqaroga nisbatan sayyor sud yigʻilishi oʻtkazildi. Ulardan 26 nafariga 15 sutka, 2 nafariga esa 10 sutkadan maʼmuriy qamoq jazosi belgilandi.


Maxliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.