Joriy yilning 7-dekabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 30 yilligi munosabati bilan qabul qilingan mazkur huquqiy hujjat asosida 402 nafar shaxsning bir qismi toʻliq, yana bir qismi shartli ozodlikka chiqarilgan boʻlsa, boshqalarining jazo muddatlari qisqartirildi yoki yengilrogʻiga almashtirildi.
Kechirilganlar orasida 18 nafar jizzaxlik boʻlib, ulardan birining jazo muddati kamaytirilgan. 17 nafari esa yashash joylariga qaytdilar. Oʻz navbatida ushbu shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda muammolarini hal qilish maqsadida viloyat sektorlari rahbarlarining qabuli tashkil etildi.
Qabul davomida afv etilganlarning muammolari oʻrganildi. Tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun kredit ajratish, oʻzi yoki farzandlarini ishga joylashtirish yoxud ishga tiklash, uy bilan taʼminlash, turar joy qurish yoki dehqonchilik qilish uchun yer maydoni ajratish, moddiy yordam olish, nogironlik nafaqasi tayinlash, davolanish kabi qator masalalar koʻtarildi.
Yigʻilish davomida ozodlikka chiqarilganlarga sektorlar kesimida yordam koʻrsatish choralari belgilab olindi. Har bir shaxsga murojaatiga koʻra masʼul tashkilotlar vakillari biriktirildi.
Taʼkidlanganidek, 2017-yildan buyon afv etilganlarning 199 ta muammosi hal qilingan. Xususan, ularning 3 nafari turar joy bilan taʼminlangan, 2 nafariga yer uchastkasi ajratilgan, 4 nafarining uyi taʼmirlangan. 5 nafari pensiyada, qolganlarining barchasi ishga joylashtirilgan. Shuningdek, ularga 98 million 717 ming soʻm miqdorida moddiy yordam berilgan. Qisqasi, ushbu fuqarolarning sogʻlom turmush kechirishi, jamiyatda munosib oʻrinini topishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Postda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
