Shu yilning 7-dekabr kuni matbuotda respublikamiz Prezidentining “Ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi. Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 29 yilligi munosabati bilan qabul qilingan mazkur farmon asosida 182 nafar shaxs afv etildi. Ushbu fuqarolarning 108 nafari shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan. Boshqalarining jazo muddatlari qisqartirilgan yoki yengilrogʻiga almashtirilgan.
Chunonchi, Jizzax viloyatida yashovchi 4 nafar fuqaro shartli ravishda ozodlikka chiqdi. Yana bir mahkumning jazo muddati qisqartirilgan. Yaxshi maʼlumki, jazoni ijro etish muassasalaridan ozodlikka chiqarilgan shaxslar oʻz holiga tashlab qoʻyilmaydi. Yaʼni, ijtimoiy moslashtirish, moddiy qoʻllab-quvvatlash, ishga joylashtirish choralari koʻriladi. Toki ular jinoyatga qayta qoʻl urmasin, jamiyatning ijobiy aʼzosiga aylansin.
Ayni maqsadda Jizzax viloyati hokimligida 4 ta sektor rahbarlarining ozodlikka chiqarilgan shaxslar bilan muloqoti boʻlib oʻtdi. Shuningdek, tadbirda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, bandlik, sogʻliqni saqlash tashkilotlari vakillari qatnashdilar. Uchrashuv davomida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliev, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov hamda viloyat prokurori Islomjon Ergashxodjaev insonparvarlikka asoslangan ushbu farmonning ijrosi, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, xalq turmush farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida toʻxtaldilar.
Shundan soʻng avf etilganlarning muammolari oʻrganildi. Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan shaxslar tomonidan uy bilan taʼminlash, turar joy qurishga yer maydoni hamda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga uchun kredit ajratish, issiqxona barpo qilish, shasxni tasdiqlovchi ID karta rasmiylashtirish, bolani farzandlikka olish hamda salomatlikni tiklashga oid masalalar koʻtarildi.
— Oilam bagʻriga qaytganimdan benihoya xursandman, — deydi gʻallaorollik Dildora Abduhakimova. — Qolaversa, bugun sektor rahbarlari har tomonlama yordam berishlarini bildirishdi. Buning uchun prezidentimizdan, sektor rahbarlaridan minnatdorman.
Yigʻilish davomida shartli ravishda ozodlikka chiqarilganlarga sektorlar kesimida yordam koʻrsatish choralari belgilab olindi. Har bir shaxsga tegishli tashkilotlar vakillari biriktirildi. Birinchi navbatda mazkur fuqarolar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, zaruratga koʻra sogʻlomlashtirish tadbirlari amalga oshiriladigan boʻldi.
— Ushbu fuqarolarga bir necha kun ichida bir martalik moddiy yordam ajratiladi, — deydi Jizzax viloyati IIB probasiya boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Erkin Narzullaev. — Soʻng ishga joylashtirishda yoki oʻz tadbirkorlik faoliyatlarini yoʻlga qoʻyishlarida koʻmak beramiz. Huquqiy va psixologik yordam koʻrsatiladi. Shuningdek, qayta jinoyatlarning oldini olish maqsadida murabbiylar biriktiriladi, tushuntirish ishlarini olib boriladi.
Xullas, avf etilganlarning sogʻlom turmush kechirishlari, jamiyatda munosib oʻrinlari topishlari uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Postda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
