Jumladan, buncha xarajat qilmasdan toʻy-marakalarni ixchamroq qilish zarurligi, pandemiya payti 30 kishi chaqirilganda ham toʻylar oʻtganligi, aksincha, chiqim kamayganligi haqida soʻzlay boshladik. Shuningdek, xonandayu raqqosalarni chaqirmaslik, ular oʻrnini musiqa uskunasi bemalol egallay olishi, baribir «otarchilar» fonogrammadan foydalanishlariga eʼtibor qaratdik.
Toʻgʻri-da, ikki quda kelishib, toʻyni bir joyda bir marotaba u tomondan 50, bu tomondan 50 kishi chaqirib oʻtkazilsa nimasi yomon. Yaqin odaming toʻy qilsa, bir necha kun ovora boʻlishing kerak, bekorchi boʻlsang, yursang boʻlar, bu borada ishlilarga qiyin. Ilgarilari toʻyni oʻtkazishni dam olish kunlariga belgilashardi, hozir toʻyxona boʻsh boʻladigan kuni toʻy oʻtadi, haftaning boshimi, oʻrtasimi, farqi yoʻq.
Oʻzimizcha toʻydan oldin va keyin uyushtiriladigan non sindirish, maslahat, sabzi toʻgʻrar, chaqirdi, xizmat oshi, mato tarqatish, patnis kabi urf va tadbirlarni yoʻqotishga orzulandik. Ana shu boʻlmagʻurliklarga sarflanajak pullarga kelin-kuyov uchun foydali buyum va jihozlar olinsa, zap ish boʻlishini iddao qildik. Hamsuhbatimning toʻylarda umuman aroq bermaslik kerakligi, bu bilan toʻy egasi boshqalarning ichganligi gunohini ham oʻz boʻyniga olayotgani toʻgʻrisidagi fikrlari ayniqsa yoqdi. Qisqasi, ortiqcha tashvish va bosh ogʻriqsiz toʻy qilishga koʻp va xoʻp orzulandik.
Tanishim tez orada oʻzi ham toʻy qilishini aytgunicha suhbatimiz silliq kechayotgandi. Aniqrogʻi, men: «Toʻyni ixchamgina, kamxarajat oʻtkazsangiz kerak?», deya soʻradim. U boʻlsa buning iloji yoʻqligini bildirib, fikrini izohlay boshladi. Binobarin, oʻzi elning toʻy-marakasida yeb-ichib yurgani, toʻyga aytmasa, qarindosh-urugʻ, joʻra-yoʻldoshlari, hamkasblari va qishloq ahlining oʻpka-ginasi tagida mayib boʻlishi, qolaversa, turmush oʻrtogʻi: «Mening bolam yetimmi, boshqalardan nima kamim bor», degancha yeb ado qilishini, bunga quda tomon ham rozi boʻlmasligini bildirdi. Keyin qoʻshib qoʻydi: «Oʻzing toʻy qilganda koʻramiz».
Xullas, mavzuni yopib, toʻyxonaga kirdik. Ichkarida «gapga chechan» boshlovchi raqqosalar qurshovida qolgan kelin va kuyovning onalarini koʻklarga koʻtarib maqtardi. Soʻzi oxirida hammadan ular sharafiga qarsak chalishni soʻradi. Qiziq, yigʻilishmidi bu, hadeb qarsak chal, deydi. Toʻy qilsam, mana shu boshlovchini chaqirmayman, lekin sanʼatkorlarning zoʻrini olib kelaman...
Alijon ABDUSATTOROV,
oʻz muxbirimiz.
