Yaqinda Termiz tumanidagi Amir Temur mahallasida bir oʻspirin tengdoshini pichoqlab qoʻygani haqida xabar tarqaldi. Maʼlum boʻlishicha, hali voyaga yetmagan J.Samadov (ism-sharifi oʻzgartirildi) oʻrtoqlari bilan birga hududdagi 21-umumtaʼlim maktabida bezorilik qilishadi. Janjal vaqtida J.Samadov S.Fozilovga choʻntak pichogʻi bilan tan jarohati yetkazadi. Jarohatlangan yigit shifoxonaga borguncha ancha qon yoʻqotib, ahvoli ogʻirlashgan. Xayriyatki, shifokorlar uning hayotini saqlab qolishdi. J.Samadovga nisbatan esa jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. 

Amir Temur nomli mahallada mazkur jinoyat viloyat IIB boshligʻi, polkovnik A.Ismoilov boshchiligida keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi. Dastlab tumanda vaziyatni yaxshilash uchun profilaktika inspektorlari, mahalla faollari bir tan-u bir jon boʻlib, hamkorlikda ishni tashkil qilishlari lozimligi taʼkidlandi.

Bugun «xonadonbay», «fuqarobay» ishlash tizimiga oʻtildi. Demakki, mahallaning osoyishtaligi uchun masʼul boʻlgan shaxslar uyma-uy yurib, har bir xonadondagi ahvol bilan tanishishi lozim. Qaysi bir oilada yetishmovchilik, nizoli holat, tarbiyasi ogʻir bolalar bor boʻlsa, barchasini oʻrganish zarur. Qolaversa, shu hududda yashovchi fuqarolar ham ogoh, hushyor boʻlishsa, foydadan xoli boʻlmaydi. 

Toʻgʻri, biz erkin, demokratik jamiyatda yashaymiz. Lekin bu yon-verimizda yashayotganlardan mutlaqo uzilishimiz, atrofimizdagi voqea-hodisalarga butunlay befarq boʻlishimiz kerak, degani emas. Aksincha, bugun qancha hushyor boʻlsak, birinchi navbatda, oʻzimizning tinchlik-xotirjamligimiz uchun foydali. 

Istaymizmi-yoʻqmi farzandimiz biz yashayotgan mahalla, qishloq koʻchalaridan oʻtib, maktabga boradi, shu hududda yashovchi tengdoshlari bilan doʻstlashadi, birgalikda oʻynaydi. Shunday ekan, oʻzimiz yashayotgan kichik Vatanning – qishlogʻimizning, mahallamizning xavfsizligi, osoyishtaligi barchamiz uchun ham muhimdir.

Muhokamada ana shular borasida mulohaza yuritildi. Xususan, endilikda voyaga yetmaganlar bilan psixologik suhbatlar oʻtkazilishi lozimligi uqtirildi. «Profilaktika kuni», «Tigʻ» tadbirlarini manzilli tashkil etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. 

Yana bir gap. Farzandlari nazoratsiz qolmasligi uchun ularning tarbiyasiga, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga ota-onalar alohida eʼtibor qaratishlari kerak. Negaki, bolamni koʻchaning oʻzi tarbiyalab beradi, degan oʻyda yuradiganlar aslida xato qilishadi. Shuning uchun muhokama yigʻilishida sodir etilgan jinoyat koʻpchilik ota-onalarga saboq boʻlishi lozimligi aytilib, ular ham ogohlikka chaqirildi. 

Ikkinchi jahon urushi yillarida Buyuk Britaniya Bosh vaziri boʻlgan Cherchill aytgan bir gap juda mashhur boʻlib ketdi. U: «Kimning qoʻlida axborot koʻp boʻlsa, u dunyoni boshqaradi», — degan edi. Holbuki, bundan besh asr burun buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy shunday yozgan: 

Erursen shoh — agar ogohsen sen,

Agar ogohsen sen — shohsen sen. 

Bugun ulugʻ bobokalonimizning bu daʼvati har doim qulogʻimiz ostida jaranglab turishi, ong-u shuurimizda boʻlmogʻi kerak. Toki bizning tinch va xotirjam yashashimizga, farzandlarimiz tarbiyasiga daxl qiladigan xavf-u xatarlardan ogoh boʻlaylik. 


Feruza RAHMONQULOVA,

oʻz muxbirimiz.

Surxondaryo viloyati.