Soat 07:00. Lavhamiz qahramoni mahalla hududidan oʻtgan «M-37» avtomagistral yoqasida joylashgan 16-sonli umumtaʼlim maktabiga borib, oʻquvchilarning harakat xavfsizligini taʼminladi. Keyin xizmat xonasi tomon yoʻl oldi. Tuman IIB rahbariyati tomonidan berilgan har bir topshiriq va vazifani ish daftariga qayd etdi.
Soat 08:30larda mahalla raisi Furqat Qudratov va faollar bilan topshiriqlarni rejalashtirib, hudud holati boʻyicha vaziyatni muhokama qilishdi. Oqsoqol ishni Soʻfiyon qishlogʻidagi K.T. oilasini oʻrganishdan boshlashni taklif qildi. Chunki bu yosh oilaning arzimas sabab bilan kunora janjallashib turishgani yaxshilikka olib kelmasligini bilishardi. Mahalla yettiligi oila aʼzolari bilan suhbatlashib, bunday yurishning oqibati yomon boʻlishini, har bir daqiqa gʻanimat ekanligini atroflicha tushuntirishdi. Ayniqsa, xotin-qizlar faoli Shahlo Joʻrayevaning kelinchakka vaziyatni hayotiy misollar bilan tushuntirgani juda oʻrinli boʻldi.
– Furqat aka, Oʻ.Boltayevaning xonadoniga ham kirib oʻtsak. Turmush oʻrtogʻi bilan kelishmovchiligi bor ekan, – deya mayor H. Yodgorov avtomashina rulini murojaatchi hovlisi tomon burdi.
– Oilaga bir darz ketsa yomon boʻlarkan. Ular ham ahil yashab kelishayotgan edi. Mayli, ilojini qilib oilani saqlab qolishimiz kerak, – dedi mahalla raisi ham.
Shunday qilib, er-xotinning oʻzaro nizolarini oʻrganishdi. Profilaktika katta inspektori ikkisidan ham koʻrsatuv oldi. Vaziyatni atroflicha muhokama qilishib, uy bekasiga himoya orderi berildi.
Soat 10:30larda mayor H. Yodgorov Bogʻiafzal qishlogʻida istiqomat qiluvchi, spirtli ichimlikka ruju qoʻygan M.H. bilan suhbatlashmoqchi edi. U ishga ketgan ekan. Turmush oʻrtogʻi eri oʻzgarganini, hozir ichmayotganini va bolalariga mehribon boʻlib qolganini aytdi. Ayolning yuzidagi tabassumdan bildikki, oiladagi koʻngilsizliklar barham topgan.
– Shu qishloqda ekansiz. Ruhiy kasallar roʻyxatida turuvchi N. Boymurodovning holidan xabar olmoqchi edik, bizga hamroh boʻlsangiz, – deb qoldi Oilaviy shifokorlik punkti patronaj hamshiralari profilaktika katta inspektoriga. – Davolanishga muhtojligini bilishimiz kerak.
– Mayli, nima desangizlar shu. Roʻyxatdagilarni ham oʻrganib chiqamiz, – dedi mayor H.Yodgorov va oʻzi yoʻl boshladi.
N. Boymurodovning holati yaxshi, davolanishga hojat yoʻq ekan. Shunday boʻlsa ham, oila aʼzolariga kasallik qoʻzgʻalishining dastlabki koʻrinishlarini yana bir karra tushuntirishdi. Keyin qoʻshni qishloq tomon odimlashdi.
Mayor H. Yodgorov yoʻl-yoʻlakay mahalla yettiligi, qolaversa, qoʻl ostidagi uch nafar hamkasb-u shogirdi bilan doim yonma-yon, bamaslahat xizmat olib borayotgani bois ish unumdorligi oshayotgani, jinoyat va huquqbuzarlik holatlari kamayganini, yaqinda «Pashmon» mahallasida
xizmat koʻrsatayotgan profilaktika inspektori, leytenant Abror Muslidinov bilan bedarak yoʻqolgan bir shaxsni hamjihatlikda aniqlab, qarindoshlariga topshirishganini gapirib berdi.
Soat 14:30 lar atrofida profilaktika katta inspektorining uyali telefoni jiringlab qoldi. Qoʻngʻiroq qilgan «Talija» qishlogʻida istiqomat qiluvchi tadbirkor ekan. U nomaʼlum shaxs toʻyxona atrofida aylanib yurganini maʼlum qildi. Profilaktika katta inspektori hamrohlari, mahalla raisi, hokim yordamchisi S.Abdullayev hamda yoshlar yetakchisi
S. Toʻxtaqulovlar bilan birgalikda zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borishdi. Ular muqaddam sudlangan va ayni paytda probatsiya nazoratida turuvchi, koʻzlari bejo M.M.ni biroz kuzatishdi. U kuzatuv ostida ekanligini sezdimi yoki boshqa sababmi, harqalay fikridan qaytdi. Ammo mayor H. Yodgorovga oʻgʻrilik qilmoqchi boʻlganini tan oldi. Osoyishtalik posboni u bilan profilaktik suhbat olib bordi.
– Beglik qishlogʻilik Botir akaning oilasidan ham bir xabar olsak, – dedi mahalla raisi F. Qudratov hamrohlariga va qoʻshib qoʻydi. – Ayni bahor payti, yangani bilasizlar-ku?!
– Koʻpchilik borsak boʻlmaydi. Qolaversa, Talija qishlogʻiga keldik. A. Fayziyevga oʻtgan oy subsidiya asosida suv nasosi olib berganimizdan xabaringiz bor. Biz tushib qolib, ahvolni oʻrgansak yomon boʻlmasdi, – deya hokim yordamchisi hamrohlariga yuzlandi.
– Maʼqul. Qaytishda olib ketamiz, – dedi mayor H. Yodgorov va yoʻl-yoʻlakay raisga A. Fayziyev qilgan xatosini tushunib, ancha oʻzgarganini, kreditga olgan 4 bosh qoramol va 16 bosh qoʻylarni parvarishlayotganini, eng asosiysi, oila tinchligi taʼminlanganini gapirib bordi.
Botir aka tomorqasida ishlayotgan ekan. Ularni quchoq ochib kutib oldi. Biroz suhbatlashib, hammasi joyidaligini bilgach, osoyishtalik posboni «Ish koʻp, hali toʻylarga kelamiz», deya qoʻzgʻalishdi.
Profilaktika inspektorining hamisha vaqti tigʻiz boʻladi. Bir masala ortidan ikkinchisi, uchinchisi kutib turadi. Hammasiga ulgurish kerak...
Yurtimizda «Xavfsiz va sogʻlom yurt» tamoyili asosida tungi paytlarda olib borilayotgan profilaktik tadbirlar natijasida mahallalar jinoyatdan xoli hududlarga aylanmoqda. Lavhamiz qahramoni ham kechki soat 22:00larda ozodlikni cheklash jazosini oʻtayotgan fuqarolarning yashash xonadonlarini muntazam tekshiradi. Yana oshxona va koʻngilochar joylarda jamoat tartibini saqlash hamda huquqbuzarliklar sodir etilmasligi boʻyicha tushuntirish ishlarini oʻtkazadi. Bundan tashqari, tungi paytda koʻchalarda maqsadsiz yurgan fuqarolar bilan profilaktik suhbat olib boradi.
… Tun osuda oʻtmoqda. Mayor Husen Yodgorov bugungi xizmatidan koʻngli xotirjam boʻlib, xizmat uyi tomon oshiqdi. Rafiqasi Gulsanamxon uni ochiq chehra bilan qarshi oldi...
Mirzoqul AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
