Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor A. Ikramov xizmat safarining ikkinchi kuni Urganch shahridagi viloyat Xalq qabulxonasida sayyor qabulni davom ettirib, 70 dan ortiq fuqarolarning murojaatlarini tingladi. Ularning aksariyati ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish, xizmatni qayta tiklash, tergovchi va surishtiruvchilar ish yurituvida boʻlgan materiallarni tashkil etdi. Ichki ishlar organlariga taalluqli boʻlmagan ariza va shikoyatlar tegishli organ va tashkilotlarga yuborildi. Ijtimoiy yordam soʻragan larning murojaatlari mahalliy hokimliklar va sektor rahbarlari bilan kelishilgan holda ijobiy hal etish choralari koʻrildi.

Shundan soʻng, vazir oʻrinbosari viloyat IIBda ichki ishlar organlari maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmatiga bevosita masʼul xodimlar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Ushbu tadbirda soʻzga chiqqan general-mayor A.Ikramov ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan barcha xodimlarning kasbga sadoqat va masʼuliyat hissini oshirish, kasbdoshlariga har tomonlama oʻrnak boʻlish ulardagi vatanparvarlik, siyosiy ong, maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish aynan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati xodimlarining bevosita xizmat burchi ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Shuningdek, yigʻilishda xodimlarning maʼnaviy salohiyatini, mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ular ongida vatan taqdiri va kelajagi uchun dahldorlik tuygʻularini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama etildi.

Mazmunli oʻtgan mazkur yigʻilish davomida viloyat ichki ishlar organlarida maʼnaviy- maʼrifiy ishlarni “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” konseptual gʻoyasidan ogʻishmagan holda amalga oshirish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Vazir oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov xizmat safari yakunida viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmatining nomzodlar bilan ishlash tartibi va u yerda yaratilgan sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi.

Zokir ISMOILOV,

podpolkovnik.

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.