Qutadgʻu bilig» – shunchaki kitob emas, balki qadimiy turkiy tilimizning bebaho xazinasi. Agar bu asar matniga badiiy nigoh bilan qaralsa, undagi har bir soʻz ming yillar silsilasidan oʻtib kelayotgan durdonaga oʻxshaydi.
Yusuf Xos Hojib tilni «koʻngilning tili», «aqlning tarjimoni» deb taʼriflaydi. Undagi «til», «soʻz», «bilig» kabi soʻzlar bugun ham salkam oʻn asr avvalgi jozibasini yoʻqotmagan. Asarda quyoshning chiqishi «Kuntugʻdi» (Kun tugʻildi) deb atalishi naqadar goʻzal tashbeh! Quyosh – adolat timsoli, uning nuri esa zulmatni haydovchi haqiqatdir.
«Qutadgʻu bilig» – maʼnaviyat xazinasi boʻlsa, XI asrda Mahmud Qoshgʻariy tomonidan yaratilgan «Devoni lugʻotit turk» (Turkiy soʻzlar lugʻati) – turkiy tilning arab tilidan qolishmasligini, uning «poygasiz otdek» uchqur va boy ekanligini isbotlash uchun yozilgan bebaho yodgorlikdir. Koshgʻariy turkiy soʻzlarni goʻyo javohirlarni saralagan zargardek toʻplagan. Lugʻatda keltirilgan 8 mingdan ortiq soʻzning aksariyati bugun biz kundalik hayotda qoʻllayotgan «ota», «ona», «togʻ», «suv», «ot» kabi soʻzlardir. Ular ming yillar osha oʻzgarishsiz bizgacha yetib kelgan jonli merosdir.
Biz nega yuqoridagi misollarni keltirib oʻtdik? Sababi, oʻzbek tilini buzib talqin qilish, uning imlo va nutq qoidalariga rioya qilmaslik bugungi kunda dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Internet va ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarda til qoidalariga eʼtiborsizlik, qisqartmalar va tushunarsiz soʻzlarning koʻpayishi, savodsizlarcha yozishmalar tilning sofligiga putur yetkazmoqda. Davlat tili meʼyorlariga amal qilmaslik nafaqat maʼnaviy, balki huquqiy hurmatsizlik sifatida ham talqin etiladi. Shaharlarimiz koʻchalaridagi peshlavhalarga boqing: imlo xatolaridan koʻz yosh toʻkayotgan soʻzlar bizdan najot kutayotgandek tuyuladi. Zero, birgina harfning notoʻgʻri qoʻyilishi yoki tushirib qoldirilishi butun bir maʼnoning ildiziga bolta uradi.
Tilni buzib talqin qilish – shunchaki grammatik xato emas, bu milliy gʻururning, ajdodlar merosiga boʻlgan hurmatning sustligidir. Baʼzan suhbatdoshimizning nutqini tinglab, oʻzimizni begona yurtda yurgandek his qilamiz. Bir jumlada uch-toʻrt tilning «boʻlaklari» aralashib ketgan: na oʻzbekcha, na ruscha, na inglizcha. Bu – tilning boyishi emas, balki uning mohiyatan qashshoqlashuvidir.
Soʻzlarimiz orasiga begona unsurlarning asossiz kirib kelishi, goʻyo ipak matoga qoʻpol yamoq solishdek koʻrinadi. Endi oʻzingiz oʻylang, bir necha ming yillik murakkab tarixiy jarayonlarni oʻz ichiga olgan ona tilimizga boʻlgan bizning hurmatimiz shumi? Uning buyukligini bot-bot aytamiz-u, lekin nega uning buzilishini hammamiz koʻra-bila turib beparvo boʻlaveramiz? Bu bora- bora odatiy holga aylanib, oddiy qabul qilinib qolishidan juda-juda qoʻrqaman!..
Xurshidbek ROʻZIYEV,
Ichki ishlar vaziri maslahatchisi,
podpolkovnik.
