Chirchiq shahrida ertangi kunimiz egalarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va muammolarini manzilli hal etishga qaratilgan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Toshkent viloyati IIBB, shahar va tuman IIB masʼul rahbarlari hamda ichki ishlar organlariga biriktirilgan yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida ular Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik muhandislik bilim yurtida boʻlib, ushbu taʼlim muassasasining oʻquv-tarbiya jarayoni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qay darajada joriy etilgani hamda maskan tarixidan hikoya qiluvchi muzey faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Bundan tashqari, kelajagimiz egalari Chirchiq davlat pedagogika universitetida joylashgan Jadidlar muzeyida ham boʻlib, ularning vatan ravnaqi va xalq farovonligi yoʻlida chekkan zahmatlari haqida keng taassurotlarga ega boʻlishdi.
Shuningdek, universitet majlislar zalida boʻlib oʻtgan uchrashuvda yoshlarning turli mazmundagi murojaatlari tinglanib, ularga yechim topish choralari koʻrildi. Murojaatlardan kelib chiqqan holda, yoshlarni kasbga oʻqitish, bandligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mixli SAFAROV,
oʻz muxbirimiz.
