Tarix va kelajak mushtarakligini, anʼanalar bardavomligini taʼminlash har qanday soha rivojining muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Bu borada IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Toʻrtinchi mintaqaviy hududi 2-son jazoni ijro etish koloniyasida qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda mazkur muassasada ana shu ezgu maqsadga qaratilgan, tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan yana bir maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Unda Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻining maslahatchisi, isteʼfodagi podpolkovnik Zokir Obilov, viloyat IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi polkovnik Sodiq Islomov, faxriylar – isteʼfodagi polkovniklar Gʻaybulla Otaboev, Hamza Narziyev va Toshpoʻlat Toʻxtayev ishtirok etdi.
Uch avlod uchrashuvida faxriylar bosib oʻtgan umr yoʻllari, toʻplagan boy xizmat tajribalaridan soʻzlab berishdi. Keksa avlod vakillarining hayotiy hikoyalari yosh xodimlarni toʻlqinlantirib yubordi, zimmalaridagi masʼuliyatli vazifalarni sidqidildan bajarishga ruhlantirdi. Ularning qalbida Vatanga muhabbat, burchga sadoqat tuygʻulari joʻsh urdi. Buni yosh xodimlarning yuz-koʻzlaridan anglash qiyin emasdi. Tadbir soʻngida soha faxriylariga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Shahrizod ShOKIROV,
kapitan.
