Viloyat IIB boshligʻi, polkovnik M.Miralimov va Buxoro tumani hokimi boshchiligidagi masʼul sohaviy rahbarlar ishtirokida “Mustaqillik” mahallasida boʻlib oʻtgan yigʻilishda mahallada oʻtgan hisobot yilida 14 ta jinoyat sodir etilganligi bois hudud “qizil toifa” sirasiga kirganligi aytib oʻtildi. Biroq shunday boʻlsa-da, joriy yilning mart oyida yana bir ogʻir turdagi (odam savdosi) jinoyat sodir etilganligi ushbu mahallada “fuqarobay” tizimning ishlamayotganidan dalolat berayotgani taʼkidlandi. Shuningdek, muhokamada mahalla fuqarosi tomonidan sodir etilgan jinoyatning sabablari va uning kelib chiqishiga imkon bergan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mahalla mutasaddilari hamda profilaktika inspektorining hisobotlari tinglandi.

Mahallada kelgusida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida “xonadonbay”, “oilabay” va “fuqarobay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirishga eʼtibor qaratish lozimligini boshqarma boshligʻi alohida taʼkidlab oʻtdi. Ayniqsa, ishlash yoki boshqa maqsadlarda chet elga chiqib ketgan va chet eldan qaytib kelgan fuqarolar bilan ishlashning zamonaviy metodlarini qoʻllash, taalluqli idoralar vakillari bilan uzviy hamkorlik qilish yuzasidan aniq koʻrsatma va topshiriqlar berdi.

O.UMUROV,

mayor

Buxoro viloyati.