Chortoq tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektori, mayor Eldorbek Neʼmatov Zafar Diyor nomli mahallada yashovchi I.M. «Damas» rusumli avtomashinani tegishli hujjatlarsiz bosh­qarib kelayotganligini aniqladi. Fuqaroga nisbatan qonuniy chora koʻrish maqsadida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, avtomashinasini vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirgandan bir hafta vaqt oʻtgach, fuqaro avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berish va oʻziga nisbatan qonuniy chora koʻrmaslik evaziga 400 ming soʻm pul berishini aytib, unga pora taklif qildi. Albatta, xodim bu taklifdan oʻzini yoʻqotib qoʻymadi, fuqaroni dastlab tartibga chaqirdi, bu xatti-harakati qonunga xilofligini tushuntirdi, lekin u tushunishni istamay, xodimga qayta-qayta qoʻngʻiroq qilib, iltimos qilishda davom etaverdi...

IIB tomonidan tezkor-tadbir davomida fuqaro I.M. xodimning xizmat xonasida unga 400 ming soʻm pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.

Shunga oʻxshash voqea «Doʻstlik» mahallasi hududida xizmat olib borayotgan vaqtda ham sodir boʻldi. Tungi xizmatga jalb qilingan Elyor Neʼmatov mast holatda «Nexia-3» rusumli avtomashina boshqarib kelayotgan fuqaro A.S.ni toʻxtatib, uning ulovini jarima maydonchasiga joylashtiradi. Katta miqdorda jarima toʻlashdan koʻra, ichki ishlar organi xodimi bilan kelishib qoʻya qolgan maʼqul, deb oʻylagan fuqaro Eldorbekning qaysar, murosasiz, oʻz kasbiga sadoqatli ekanini bilmagan chogʻi. Xullas, tu­shuntirishlar kor qilmagach, mayor E.Neʼmatov qatʼiy chora koʻrmasa boʻlmasligini tushunib yetdi. Eldorbekning xizmat xonasida 400 AQSH dollarini berayotgan vaqtda A.S. qoʻlga olindi.

Xulosa oʻrnida aytmoqchi boʻlganimiz, jamiyatda qonunlarga boʻysunish tinch va osoyishta hayot garovi ekanini har bir fuqaro his qilishi shart. Oʻz kasbiga sadoqatli, vijdonli xodimning bu xatti-harakati ana shu yoʻldagi saʼy-harakatlarning amaldagi ifodasidir. 

Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,

oʻz muxbirimiz. 

Namangan viloyati.