IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha alohida batalʼonda Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.
Kecha batalʼonda “Askar onalarini sharaflaymiz” nomli yana bir tadbir tashkil etildi. Unda muddatli harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalari, elimiz arogʻidagi sanʼatkorlar ishtirok etdi. Tadbir avvalida har jihatdan faol, safdoshlariga yaxshi tomondan namuna boʻlayotgan askarlarning onalariga tashakkurnomalar topshirildi. Ularga Vatan himoyachisi boʻlgan ana shunday farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun minnatdorlik bildirildi.
Shundan soʻng Oʻzbekiston xalq artistlari Saidkarim Umarov va Gavhar Zokirova soʻzga chiqib, Vatanni himoya qilish, uning tinchligi uchun kurashish har bir er yigitning burchi ekanligini aytishdi. Monologlar, sheʼrlarni yoddan aytib, yigʻilganlar olqishiga sazovor boʻlishdi.
Oʻz muxbirimiz.
