Yoshi bir joyga borib, koʻpni koʻrgan, hayotning oq-qorasini ajratgan odamlar odatda qadamini oʻylab bosadi, har jihatdan yoshlarga ibrat boʻlishga harakat qiladi.  Xatirchilik E.N.ni ham yosh deb boʻlmaydi, allaqachon ellikni urib qoʻygan. Lekin yaqinda sodir etgan qilmishidan xabar topsangiz, hech bunday deb oʻylamaysiz.

Gap shundaki, u qoʻshni mahalla hududida joylashgan kasalxonaga goʻyoki bemor koʻrgani boradi. Asl muddaosi esa butunlay boshqa edi. U 5-xonada yotib davolanayotgan yosh qizning tashqariga chiqqanidan foydalanib, quvvatlagichda turgan uyali telefonini oʻgʻirlab, voqea joyidan qochib ketadi. Qiz xonasiga qaytib kelsa, telefoni yoʻq. Uni izlab topolmagach, ichki ishlar organiga murojaat qiladi. Qisqa vaqt ichida uyali telefonni E.N oʻgʻirlaganligi aniqlanadi. Unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.