Qushlarning chugʻuri daragi tongning,
Qadriga yeting – tinch oʻtgan har onning,
El-yurt xizmatida yurgan insonning,
Aslida bu bayram hammamizniki.
Muallim maktabda dars berar yonib,
Unga kelajakni berdik ishonib.
Shogird yutugʻidan ketar quvonib,
Aslida bu bayram hammamizniki.
Bemorga eng yaxshi davo qayda bor?
Undan shirin soʻzni ayamang, zinhor.
Balki tabibdirsiz, balki shifokor,
Aslida bu bayram hammamizniki.
Sarhadlarda hushyor turar harbiylar,
Vatan muqaddasdir, bilar harbiylar,
Qutlasak, takrorlab aytadi ular:
«Aslida bu bayram hammamizniki».
Patrul-post xizmati xodimlari ham,
Tunu kun xizmatda, biz-chi xotirjam,
Biringiz akamsiz, biringiz ukam,
Aslida bu bayram hammamizniki.
Osmon yulduzlari bilan chiroyli,
Kecha kunduzlari bilan chiroyli,
Barchani birma-bir tabriklang, mayli,
Aslida bu bayram hammamizniki.
Sherzod ABDUSAMADOV,
oʻz muxbirimiz.