Hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan internetda virtual tanishuvlarga, boshqacha aytganda, kiberromantikaga bugun odatiy hol sifatida qaralmoqda. Afsuski, turli tanishuv resurslarida onlayn videomuloqot, translyatsiya, virtual striminglar orqali masofaviy munosabatga kirishib, tuygʻularni izhor qilish deya talqin qilinadigan kiberromantikaga berilish holatlari nafaqat yoshlar, balki oʻrta va hatto katta avlod vakillari oʻrtasida ham uchramoqda.
Qarshi shahrida yashovchi Gʻ.X. 2022-yilning kuz faslida «Telegram» ijtimoiy tarmogʻida Nargiza ismli qiz bilan tanishadi. Onlayn suhbatlardan soʻng, oʻzaro yaqin munosabatga kirishishgach, ular bir-biriga oʻz suratlarini yuborishadi. Nima sabab boʻlib munosabat salbiylashadi va shundan keyin «Nargiza» erkakni unga pul bermasa, yuborgan suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qoʻrqitadi. Gʻ.X. qarindoshlari, tanish-bilishlari orasida sharmanda boʻlmaslik uchun dastlab talab qilingan pulni bank plastik kartasiga tashlab beradi. Bundan ruhlangan qiz undan yana 200 AQSH dollari berishini talab qiladi.
Gʻ.X.ning ichki ishlar organlariga qilgan murojaati yuzasidan tezkor texnik harakatlar olib borildi. Qarangki, bu jarayonda oʻzini «Nargiza» deb tanishtirgan shaxs aslida erkak kishi boʻlib chiqdi. U firibgarlik yoʻli bilan jabrlanuvchidan oʻzi va turmush oʻrtogʻining nomiga ochilgan bank plastik kartalariga jami 6 million soʻmdan ortiq pul mablagʻini qoʻlga kiritgan.
Holat yuzasidan Mirishkor tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Suhrob MUHAMMADIYEV,
kapitan.
Qashqadaryo viloyati.
