Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning hududda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash maqsadida Andijon viloyatiga tashrifi davomida quyida bildirgan fikrlari alohida diqqatga sazovor, xususan, “…bitta adashganning beshta qarindoshi bor. Biz oʻsha beshta qarindoshniyam ashaddiy dushman qilamiz: toʻyga chaqirmaymiz, marosimga chaqirmaymiz. Pishillab aytamiz: u falonchining akasi, oʻgʻli, deb. “Chaqirma uni”, deydi. Ularda nima ayb? Ularda nima ayb? Uni doʻst qilishimiz kerak, uni chaqirishimiz kerak. Uni maʼrifatga chaqirishimiz kerak”.
Darhaqiqat yurtboshimizning fikrlarida asli xalqimizning qon-qoniga singan azaliy bagʻrikenglik, kengfellik va oliyjanoblik xislatlariga boy fazilatini namoyon qilmoqda. Yaʼni biz kecha yoki bugun shunday fazilat egasiga aylanib qolmadik. Shu diyorda yashagan va uni tarixini bilgan katta-yu kichik biladi, bu oʻlka bagʻrida yashatgan har bir fuqaroga hamisha toʻgʻri yoʻlni koʻrsatgan va shu jamiyatga qoʻshilib ketishi uchun qoʻllab-quvvatlagan.
Bugungi kunda deyarli har kuni qaysidir qonun hujjatiga oʻzgartish yoki qoʻshimcha kiritilayotganligi, huquqiy islohotlar olib borilayotganligi borasidagi xabarlar qulogʻimizga chalinadi. Haqiqattan ham bu borada ish olib borayotgan katta-katta muassasalar, ilmiy markazlar va institutlar mavjud. Ushbu huquqiy islohotlar zamirida ham shunday jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etib adashgan shaxslarni qayta tarbiyalash, ularni yurtboshimiz taʼkidlaganlaridek maʼrifatga boshlab, toʻgʻri yoʻl koʻrsatish nazarda tutilganmi? Yoki bu qonunlar va ularga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalardan maqsad shaxsni jazolashmi?
Dunyo mamlakatlari jinoyat va jinoyat protsessual qonunchiligida shaxslarning huquq va manfaatlarini oliy darajada taʼminlash muhim rahbariy qoida sifatida mustahkamlangan. Xususan, jinoyat protsessual qonunchilikda jabrlanuvchining manfaatlarini taʼminlash va mazkur munosabatlarga oliy qadriyat sifatida qarash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Zero, shaxsga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar mazkur ijtimoiy munosabatlarning markazida boʻlgan jinoyat natijasida kelib chiqadi. Demak, jinoyat va jinoyat protsessual qonunchilik tizimining huquqiy mezonni taʼminlashdagi asosiy vazifasi bu – jinoyat natijasida huquq va manfaatlariga putur yetgan shaxs, – jabrlanuvchini buzilgan huquqlarini tiklash va unga yetkazilgan zararni qoplanishi boʻlib hisoblanadi. Dastavval qonun chiqaruvchi jabrlanuvchining huquqlarini tiklash boʻyicha meʼyorlarni yaratishi, shundan soʻng jinoyat sodir etgan shaxsga adolatli jazo berishi va bunda ham jabrlanuvchinining talablarini inobatga olish borasidagi normalarni ishlab chiqishi talab etiladi.
Demak, mamlakatimizning jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini asosiy maqsadi har bir jinoyat boʻyicha adolatni tiklash yaʼni, eng avvalo putur yetgan huquqni tiklash va oʻrnini qoplash, shundan soʻng jinoyat uchun javobgarlikni muqarrarligini taʼminlash boʻlib hisoblanar ekan.
Shundan kelib chiqqan holda huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining masʼul xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari ishtirokida jaholat yoʻlidan qaytgan, adashganini anglab yetgan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda ish olib borilmoqda. Har bir shaxsning dunyoqarashi, fikri, adashib notoʻgʻri yoʻlga kirib qolganidan pushaymonligi, oilasi, farzandlari hamda Vatan oldidagi burch va masʼuliyatlari haqida batafsil muloqotlar oʻtkazilmoqda.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitisiyasining
29-modda beshinchi qismida “Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta koʻrilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish toʻgʻrisida iltimos qilish huquqiga ega”ligi mustahkamlangan. Bu esa oʻz navbatida har qanday jinoyat yoʻliga adashib kirib qolan shaxsning afv etilishi huquqi konstitusiya darajasida mustahkamlanishiga zamin yaratdi.
Alisher TURGʻUNOV,
Olmazor tumani Jinoyat ishlari
boʻyicha sudi sudyasi.
