Shamshod Nishonov xizmat faoliyatini 2007-yilda Kogon tumani IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimida boshladi. Ilk kunlardanoq u vazifasiga sidqidildan yondashdi. 2010-yildan buyon esa IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tizimida xizmat qilyapti. Bugungi kunda Departamentning 6-mintaqaviy hududi 17-son JIEK Tarbiyaviy ishlar boʻlimida katta inspektor — ijtimoiy xodim lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Bu tanlov tasodif emas. Uning otasi — Sharif Nishonov ichki ishlar organlarida qariyb yigirma besh yil xizmat qilib, Buxoro tumani IIB HOOB Voyaga yetmaganlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi lavozimidan mayor unvoni bilan pensiyaga chiqqan. Uning fidokorona xizmati Shamshod Nishonov uchun hayot maktabi, kasbga muhabbat va sadoqat namunasi boʻldi.
Bu oilada Vatanga, xalqqa xizmat anʼanaga aylangan. Toʻrt farzanddan uch nafari ichki ishlar organlari tizimini tanlagan. Akasi Baxtiyor 2015-yilda Buxoro viloyati IIB YPX xodimi, katta serjant unvoni bilan pensiyaga chiqqan boʻlsa, ukasi Sherbek hozirda 6-mintaqaviy hudud 4-son tergov hibsxonasi navbatchilik qismida katta inspektor-navbatchi lavozimida xizmat qilmoqda.
Mayor Shamshod Nishonov ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etgan, oʻta xavfli residivist deb topilgan mahkumlar bilan ishlaydi. Asosiy maqsadi — jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarni qayta jinoyat yoʻliga kirib ketmaslikka undash, ularning ongida jamiyat, oila va Vatan oldidagi masʼuliyat, qonunga hurmat hissini uygʻotishdir. Bunday vazifa nafaqat chuqur bilim, balki mustahkam iroda va puxta psixologik tayyorgarlikni ham talab etadi.
— Har bir mahkum — alohida taqdir. Uni tinglash, tushunish va toʻgʻri yoʻlga boshlash muhim, — deydi Shamshod Nishonov.
Ogʻir muhit, qattiq tartib va turfa taqdirlar har kimga ham taʼsir qilmay qolmaydi. Biroq yillar davomida orttirilgan tajriba mayor Shamshod Nishonovda mustahkam psixologik barqarorlikni shakllantirdi. U salbiy taʼsirlarga qarshi tura oladigan ruhiy kuchni, avvalo, oilasi va jamoasidan oladi.
Xizmatdan boʻsh vaqtlarini oilasi bagʻrida oʻtkazadi. Ayoli — uy bekasi, ikki qiz va ikki oʻgʻli uning hayotdagi eng katta tayanchi. Farzandlariga toʻgʻri tarbiya berish, ularning kamolini koʻrish uning uchun eng katta baxtdir.
Shamshod Nishonov oʻzining birinchi ustozi sifatida otasini alohida ehtirom bilan tilga oladi. Zero, padari buzrukvorining halollik va mehnatsevarlik haqida aytgan nasihatlari uning hayot yoʻlini belgilab bergan. Qolaversa, faoliyati davomida isteʼfodagi podpolkovnik I. Rajabov va boshqa ustozlaridan olgan saboqlariga tayanadi. Oʻzi ham bugungi kunda yosh xodimlarga ustozlik qilmoqda. Ularga Vatanni sevish, qonunni hurmat qilish, kasb shaʼnini asrash va inson taqdiriga befarq boʻlmaslikni uqtirib kelmoqda.
— Bu kasbning noni qattiq, — deydi u shogirdlariga murojaat qilib. — Lekin Vatanim deb yashaydigan inson uchun qiyinchiliklar toʻsiq emas, balki sinovdir.
Mayor Shamshod Nishonovning hayot yoʻli bir haqiqatni tasdiqlaydi: Vatanga sadoqat — soʻzda emas, umr davomidagi fidoyi xizmatda namoyon boʻladi.
Adolat FAYZIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
