Fargʻona shahrida yashovchi T.M. “Lasetti” rusumli avtomashinasida bir necha bor qoidabuzarlik sodir etgani uchun 6 million 750 ming soʻm jarima yozilgan edi. Ammo haydovchi jarimani anchagacha toʻlamay yurdi. Natijada yoʻl patrul xizmati xodimlari tomonidan mazkur avtomashina vaqtinchalik jarima maydoniga olib kirildi.

Haydovchi esa belgilangan jarimalarni toʻlab, qonuniy yoʻl bilan mashinasini olib chiqish oʻrniga ikki tanishidan maslahat soʻradi. Ular esa T.M.ning ishonchiga kirib, jarima maydonida saqlanayotgan avtomashinasini viloyat YHXBdagi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hech qanday toʻlovlarsiz olib chiqib berishini aytib, buning evaziga 350 AQSh dollari pul soʻradi.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmatining oydinlik kiritishicha, mazkur holat yuzasidan Fargʻona shahar IIOFMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni sodir etganlar aniqlandi va prosessual tartibda ushlandi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.