Izboskan tumani Andijon viloyatining shimolida joylashgan. Oltinkoʻl, Baliqchi, Paxtaobod, Andijon va Namangan viloyatining Haqqulobod, Uchqoʻrgʻon tumanlari hamda Qirgʻiz Respublikasining Oʻsh viloyati bilan chegaradosh. «Izboskan» atamasi 1926-yil 29-sentabrdan yuritila boshlangan. Ungacha hudud Andijon uezdi Poytugʻ volosti deb atalgan. 

Tuman nomini Qoʻqon qishloq oʻramiga qarashli Isvaskon qishlogʻi (hozirgi Paxtaobod tumanidagi Madaniyat qishlogʻi) nomi bilan atash, markazini esa Chuvama qishlogʻi deb belgilash haqida qaror qabul qilingan. «Isvaskon» atamasi bora-bora «Izboskan» shakliga aylanadi. Bugungi kunga kelib «Isvaskon» soʻzi Madaniyat qishlogʻida deyarli unutilgan.

1935-yilning mart oyida Qoʻqon qishloq Tentaksoy tumani nomi bilan Izboskandan ajralib chiqdi va 1937-yildan Paxtabod tumani deya atala boshlandi. Izboskan ikkita tumanga boʻlingan kundan boshlab, oʻz markazini Chuvamadan Poytuqqa koʻchirdi. 1962-yilda tumanlarni yiriklashtirish maqsadida Paxtaobod tugatilib, Izboskanga qayta birlashtirildi. 1972-yil yanvar oyida esa yana oʻz holicha ajratib yuborildi. 

«Izboskan» soʻzining maʼnosi va kelib chiqishi haqida bir qancha talqinlar mavjud. Rivoyatlarga qaraganda, buyuk sarkarda Amir Temur davrida bu hududlar toʻqayzor, changalzorlardan iborat boʻlgan. Amir Temurning askarlari shu toʻqayzorlarda jang olib borgan. «Lashkarlarning qadami yetgan», «izi bosilgan» degan maʼnoda keyinchalik «Izboskan» nomi vujudga kelgan. Yana bir talqinda esa bu yerga «ulugʻlar izi bosilgan» maʼnosi nazarda tutiladi. Albatta, bular xalq orasida tarqalgan rivoyatlar. Ammo har bir afsona ortida qisman boʻlsa-da, hayot haqiqati yotadi. 

Tuman markazi hisoblangan Poytugʻ shahrining nomi ham oʻziga xos tamaddunga ega. Manbalarga qaraganda, «Poytugʻ» nomi Oʻrta Osiyoning arablar tomonidan zabt etilishi tarixi bilan bogʻliq.

VII asrning oxiri VIII asrning boshlarida arablar Oʻrta Osiyoga yurish boshlab, shahar va qishloqlarni qoʻlga kiritishgan. Movarounnahrni bosib olishda arab lashkarlariga tajribali sarkarda Qutayba ibn Muslim boshchilik qilgan. Bu tomonlarga Hazrati Ali yetib kelmagan boʻlsa-da, Qutayba tomonidan qoʻlga kiritilgan barcha zafarlar Ali nomi bilan bogʻlangan. «Poytugʻ» soʻzining etimologik tahlili «Poy» — «qadam», «oyoq»; «tugʻ» esa «bayroq» maʼnosini ifodalaydi. Ikkala soʻz birikib, «Poytugʻ»ni hosil qilgan. Yaʼni, «Alining qadami yetib, ishgʻol etilgan va gʻalaba bayrogʻi koʻtarilgan joy» maʼnosini beradi. Shundanmi, izboskanliklar bu shaharni «Poytugʻi aziz» deb ataydilar. 

Ha, Izboskan tuman sifatida bir asrga yaqin tarixiy rivojlanish yoʻlini bosib oʻtdi. Undan qalami oʻtkir adib Qamchibek Kenja, bulbulzabon xonanda Dilnura Qodirjonova kabi insonlar yetishib chiqdi. 

Moziy haqida gap ketarkan, mazkur tumandagi ichki ishlar tizimining yuzaga kelishi va shakllanishi bilan bogʻliq ayrim maʼlumotlarni ham eʼtiboringizga havola etsak. 1922-yil yozida hukumat topshirigʻi bilan xalq milisiyasi otryadlari tashkil topa boshladi. Bu guruhga halol, sodiq, sara yigitlar qabul qilindi. Xalq milisiyasining markazi sifatida Poytugʻ garnizoni tuzildi. 600 dan ortiq yigitlarni jamlagan garnizon bir necha otryadlarga boʻlingan edi. Xalq milisiya­sining tashkil topishi juda katta ahamiyatga ega boʻldi. Oʻsha paytlarda ayrim bosqinchi toʻdalar tomonidan tez-tez talanib turgan qishloqlarda osoyishtalik hukm sura boshladi. 

Nigoraxon TOʻXTAMATOVA,

oʻz muxbirimiz.

Andijon viloyati.