Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida ichki ishlar organi xodimiga pora bermoqchi boʻlgan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda viloyat IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.
Maʼlum boʻlishicha, fuqaro B.T oʻzining yashash xonadonida 3 nafar mahalladoshi bilan qimor oʻyini tashkil etgan. Bu holat ichki ishlar organi xodimlari tomonidan fosh etilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Fuqaro esa oʻzi va qolgan sheriklariga nisbatan toʻplangan hujjatlarni tergovga topshirmasdan, yoʻq qilib yuborish evaziga Oltiariq tumani IIB xodimiga 1 million 500 ming soʻm taklif qiladi.
Ammo xodim uning qingʻir taklifiga rozi boʻlmadi. Fuqaroni bu harakati bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida bir necha marotaba ogohlantirdi. Shunda ham u pora taklif qilishda davom etavergach, rahbariyatga bu haqda bildirgi berdi.
Holat yuzasidan IIV ShXBB Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentning Fargʻona viloyati Oltiariq tuman boʻlimi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro xodimga 1 million 500 ming soʻmni pora tariqasida bergan vaqtida ushlandi.
Hozir mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Oltiariq tuman prokuraturasiga yuborildi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
