Fargʻonalik general-mayor Salim Sobirov oʻzining 83 yillik hayoti davomida koʻplab sinov va mashaqqatlarni boshdan oʻtkazgan, lekin hech qachon qaddini bukmagan, haqiqiy mard va olijanob, kamtarin va vatanparvar inson edi.

U 1925 yil 13 yanvarda Fargʻona viloyatining Fargʻona tumanidagi Yangi chek qishlogʻida ishchi oilasida dunyoga kelgan. Oʻrta maktabni bitirganidan soʻng Fargʻona politexnika ins­titutida tahsil oldi. Siyosatxon Arifboyeva bilan oila qurdi. Turmushlari davomida 8 nafar farzand koʻrishdi va ularning barini jamiyatimizga munosib insonlar qilib kamolga yetkazishdi.

S. Sobirov ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1946 yilda Fargʻona shahrida uchastka noziri lavozimida bosh­ladi. 1954–1956 yillarda Fargʻona shahar IIB 1-sonli shahar militsiya boʻlinmasi bosh­ligʻi lavozimida xizmat qildi.

1956–1962 yillarda Fargʻona shahar Ichki ishlar boʻlimi bosh­ligʻi, 1962–1967 yillarda esa viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bosh­ligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimida asosiy eʼtiborni kadrlarni tayyorlash va joy-joyiga qoʻyish ishlariga qaratdi. Jonbozligi, mehnatkashligi, qoʻl ostidagi xodimlarga gʻamxoʻrligi tufayli hurmat-eʼtibor qozondi. Shu bois ham, qayerda boʻlmasin, yuqori natijalarni qoʻlga kiritdi.

Salim Sobirov 1967 yildan boshlab Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi lavozimida xizmat qildi. Uning rahbarlik yillarida tezkor chora-tadbirlar samarasi oʻlaroq, viloyatda oʻgʻirlik, talonchilik, davlat mulkini talon-toroj qilish jinoyatlarining oldi olinib, ularning keskin kamayishiga erishildi. Viloyat ichki ishlar organlari uchun bino va inshootlar qurildi, baʼzi tumanlarda binolar taʼmirlanib, xodimlarga qulay shart-sharoit yaratildi.

1975–1984 yillarda Xorazm viloyati IIB bosh­ligʻi lavozimida faoliyat koʻrsatgan Salim Sobirov viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida koʻp­lab ijobiy ishlarni amalga oshirdi. Yuzlab shogirdlarni kasbga sadoqat ruhida tarbiyaladi.

El-yurtga sadoqat bilan xizmat qilgan va 1976 yilda «general-mayor» unvonini olgan Salim Sobirovni kutilmagan sinovlar kutib turardi. Gdlyan va Ivanov bosh­chiligidagi tergov guruhi tomonidan olib borilgan «Oʻzbek ishi» kampaniyasi doirasida

1985 yil 4 fevralda hibsga olingan general 1988 yil 30 dekabr­gacha qamoqda saqlandi. Keyin mol-mulki musodara qilinib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Oʻsha yillar iztirobi va otasiga qilingan tuhmatni generalning kenja oʻgʻli Qahramon Sobirov shunday eslaydi:

– Dadam kasbiga sadoqatli, kasbdoshlariga ham, odamlarga ham yaxshilik qilishga urinadigan halol inson edi. Shu bois tuhmatlarga hech toqat qilolmadi. Men unda yosh yigitcha edim. Lekin tergov va sud jarayonlarida poyma-poy, tuhmatga yoʻgʻrilgan koʻrsatmalar boʻlganini eslayman. Dadamni pora olganlikda ayblashga urinishardi, ammo qoʻyilgan ayb­lovlarning koʻpi isbotini topmadi. Baribir tuhmat qilib, qamashdi.

2004 yilda «Fargʻona» nashriyoti tomonidan chop etilgan Isroiljon Ibrohimovning «Fargʻonada «Oʻzbek ishi» qanday kechgandi?» nomli kitobda oʻsha davrda Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi tergov guruhi tomonidan nohaq ayblov bilan qamalgan kishilarning iztirobli kunlari ochiq aks ettirilgan.

Mazkur risoladan Salim Sobirov bilan bogʻliq «Aybsiz aybdor» degan maqola ham joy olgan. Unda yozilishicha, tergovning boshida generalga 120 soʻm pora olganligi toʻgʻrisidagi asossiz ayb qoʻyishadi. Biroq sud jarayonida bu ayblovlar shunchaki tuhmat va boʻhton ekanligi oydinlashadi.

Masalan, xorazmlik bir kishi generalga 10 ming soʻm pora berganligini vaj qiladi. U sudda porani

1981 yilning 9 noyabr kuni berganligini aytadi. Ammo bu gʻirt tuhmat edi. Chunki 8 noyabr kuni Salim Sobirovning oʻgʻli vafot etgan va u dafn marosimini oʻtkazish uchun Fargʻonaga kelgandi. Sud jarayoni ana shunday poyma-poy koʻrsatmalar va tuhmatlar bilan oʻtadi. Halollikni bosh omil deb bilgan general bu tuhmatlarga chidolmay, sud jarayonida sogʻligʻi yomonlashib qolib, tez yordam chaqirtiriladi.

General hibsga olinganidan soʻng uning oʻgʻli Baxtiyor Sobirov yashab turgan Fargʻona shahridagi uyda ham tintuv oʻtkaziladi. Jinoyat ishi materiallaridagi yolgʻon maʼlumotlarga koʻra, uyida behisob moddiy boyliklar yashirib qoʻyilgan boʻlib, tintuv jarayonida uyidan hech narsa topilmaydi.

Adolat va haqiqat baribir bir kun qaror toparkan. 1994 yilda Oʻzbekis­ton Oliy Sudi tomonidan unga qoʻyilgan ayblov bekor qilinib, jinoyat ishi harakatdan tugatildi. Generalning yuzi yorugʻ boʻldi. Lekin tuhmat toshlari va aybsiz aybdorlik iztiroblari fidoyi oʻgʻlonning salomatligiga salbiy taʼsir qilgan edi. Shu bois umrining oxirgi yillarida bir necha yil xasta boʻlib, bir joyda yotib qoldi. 2008 yil 28 mart kuni bu foniy dunyoni tark etdi.

Hozir ham Fargʻona shahridagi Oybek nomli mahalla fuqarolar yigʻini Bozorboshi koʻchasida general yashagan 115-uy qanday boʻlsa, oʻsha holaticha turibdi. Yaʼni, bir qavatli, pastqam, hashamatdan xoli, oddiy, lekin fayzli oʻzbekona xonadon. General-mayor Salim Sobirov umrining oxirgi kunlarini ham shu uyda oʻtkazgan. Ayni paytda uning kenja oʻgʻli Qahramon Sobirov oilasi bilan shu uyda istiqomat qiladi.

 

Abduvosit Sidiqov,

oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.