Ayol qadrlangan uyda oʻzgacha fayz-baraka boʻladi. Negaki, ayolning mamnun kayfiyati butun xonadondagi muhitni yorishtirib yuboradi. Bunday oilada farzandlar ham odobli, tarbiyali boʻlib kamolga yetadi. Agar aksi boʻlsa-chi? Ayol xoʻrlansa, zoʻravonlikka uchrasa-chi? Kunda-kunora janjal boʻlgan xonadonning hayot guli soʻla boshlaydi, muhit oʻzgaradi, bolalar ham tundlashib, agressiv kayfiyatda ulagʻayadi. Pirovardida, oila parokandalikka yuz tutadi.
Bugun hududlarda oʻtkazilayotgan “Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” tadbirlaridan koʻzlangan maqsad ham ushbu koʻngilsizliklarning oldini olish, xotin-qizlarga ular davlatimizning himoyasida ekanligini uqtirishdir.
Sariosiyo tumani IIB HPB xodimlari tomonidan Billur mahallasida oʻtkazilgan tadbirda ham aynan tazyiqqa uchragan xotin-qizlar ijtimoiy, psixologik koʻmak olishlari mumkinligi, ularga himoya orderi berish tartibi haqida tushuntirildi. Shuningdek, tazyiq va zoʻravonlik turlari haqida maʼlumot beruvchi videorolik namoyish etildi.
Xuddi shunday tadbir hududdagi tibbiyot texnikumida ham oʻtkazildi.
Nasiba MAJITOVA,
Sariosiyo tumani IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, leytenant.
