Jizzax viloyati IIB JXX YHXB 2-safarbarlik guruhi inspektori, safdor Yunusbek Umarov Sharof Rashidov tumani hududidan oʻtgan M-39 «Toshkent – Termiz» avtomobil yoʻlining 982-kilometrida xizmat olib borayotgandi. Shu payt uning qarshisida «Isuzi» yuk mashinasi toʻxtadi va avtoulovdan tushgan haydovchi bu yerdan 2-3 kilometr narida «Lasetti» katta tezlikda zovurga tushib ketganligini bildirdi. Xodim zudlik bilan haydovchi koʻrsatgan joyga xizmat avtomashinasida yetib bordi. Yoʻl-yoʻlakay hamkasbini koʻmakka chaqirishni unutmadi.
Darhaqiqat, zovur ichida «Lasetti» agʻdarilib yotgandi. Shoshilgancha chuqurlikka tushgan safdor haydovchining koʻkragi rul va oʻrindiq orasida qisilib qolganligini koʻrdi. Jabrlanuvchining boshi pastda boʻlgani bois avtomashina ichiga sizib kirayotgan suv ayolning ogʻiz-burnini toʻldirishiga oz qolgandi. Kamiga jabrlanuvchi boldir suyagining ochiq sinishi jarohatini olgan va oyogʻidan toʻxtovsiz qon ketayotgandi. Ob-havoning sovuqligi ayolning ahvolini yanada ogʻirlashtirayotgani yaqqol sezilib turardi.
Tez harakat qilmasa, haydovchi hayotdan koʻz yumishini anglagan Yunusbek Umarov yordam berish choralarini koʻra boshladi. Aksiga olgandek, haydovchi tomondagi eshik ochilmadi. Shu choq hamkasbi yetib keldi va ular 5 daqiqalik urinishdan soʻng ayolni tashqariga olib chiqishga muvaffaq boʻldilar. Keyin jgut yordamida qonni toʻxtatishdi. Bir muddatdan soʻng tibbiy avtomashina koʻrindi...
Shu tariqa Sharof Rashidov tumani «Havoslik» mahallasida yashovchi M.K.ning hayoti saqlab qolindi. Safdor Yunusbek Umarovga rahbariyat tomonidan minnatdorlik eʼlon qilindi.
Abbos DADASNOV,
Jizzax viloyati IIB JXX YHXB
katta inspektori, leytenant.
