Ahmadali Sufiyaxon ismli qiz bilan tanishib, uni yoʻldan urishni maqsad qildi. Shu niyatda chiroyli soʻzlab, oʻziga butunlay rom etdi. Ayol ham xushomadlarga aldanib uyini, turmush oʻrtogʻini unutdi. Doimiy muloqotlar asta-sekin jiddiylashib boraverdi. Xufiyona uchrashuvlar koʻpaydi.
Ayolni batamom oʻziga bogʻlab olgan Ahmadali endi maqsadi sari “odimladi”. Yaʼni, Sufiyaxondan qarz deb 200 AQSh dollari, bir oydan soʻng yana shuncha pul oldi.
Oradan koʻp oʻtmay, Sufiyaxon dugonasining toʻyiga yangi kiyim xarid qilmoqchi boʻlib, Ahmadalidan qarzlarini soʻradi. U qarzini qaytarish oʻrniga 1000 AQSh dollari topib bermasa, sharmanda qilishini aytib, erkak kishiga yarashmaydigan “ish”ga qoʻl urdi. Yaʼni, yollanma suratchi orqali oldirgan suratlarini ayolning ishxonasi va turmush oʻrtogʻiga joʻnatish bilan qoʻrqitib, tahdid qildi.
Sufiyaxon noiloj koʻndi. Ish joyida, hamkasblari orasida sharmanda boʻlishidan hamda oilasi buzilishidan qoʻrqib, tilla taqinchoqlarini sotdi. 1000 AQSh dollari toʻplab, Ahmadali bilan kelishilgan joyda uchrashdi.
– Boʻlarkan-ku, xonim! – dedi Ahmadali kesatib.
– Endi koʻzimning oldida, suratlarni oʻchirib tashlang, – Sufiyaxon shunday deya Ahmadaliga ijirgʻanib qaradi.
– Ovsaringni topibsan, – dedi Ahmadali hayosizlarcha kulib.
– Iltimos, nima desangiz roziman? Faqat sharmandalikdan meni qutqaring, –deya Sufiyaxon qoʻllarini iltijoli qovushtirib, oʻtirib oldi.
– Bunisi ketmaydi. Yana 1000 dollar keltirib berasan. Shundan soʻng, suratlarni oʻchirib tashlayman va seni qaytib bezovta qilmayman, – dedi u bezbetlarcha.
– Buncha pulim yoʻq. Tillalarimni sotib berdim, – dedi Sufiyaxon yigʻi-sigʻi bilan.
– Bas qil. Topasan, vassalom. Aks holda, fotosuratlarni internetga tarqatib yuboraman. Senga oyning oxirigacha muhlat.
Ahmadali shunday deb, oʻljani qoʻlga kiritib, juftakni rostladi. Ayol suvga tushgan mushukday shumshayib qolaverdi. Nima qilsin, oʻzi pishirgan osh. “Uyatni yigʻishtirib, qoʻyishning jazosi shu”, dedi oʻziga-oʻzi pichirlab.
Shu taxlit Sufiyaxon yana jamgʻarmalarini yigʻa boshladi, yetmaganini yaqin dugonasidan olib, 1000 AQSh dollarini ikki qoʻllab Ahmadaliga tutqazdi.
– Endi suratlarni oʻchirib tashlarsan, – dedi yalinib.
– Xavotirlanma. Fotosuratlarni oʻchirib, seni qaytib bezovta qilmayman, –dedi Ahmadali.
Ahmadali “reja”si imi-jimida bitayotganidan xursand edi. U 2 ming AQSh dollarini olti oygacha sarflab, kunu tunini kayf-safo bilan oʻtkazdi. Soʻngra yana Sufiyaxonga telefon qildi. Bu gal erkak kishi oldi. U tabiiyki, Sufiyaxonni soʻradi. Ammo raqam egasi ayolni tanimasligini bildirdi. Shundan keyin Ahmadali Sufiyaxonning ishxonasiga bordi. Tinimsiz tahdidlardan sabr kosasi toʻlgan ayol Ahmadalining ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi.
Shu tariqa, tezkor xodimlar tovlamachini ashyoviy dalil bilan qoʻlga olishdi.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
