Samarqand viloyati Paxtachi tumani hududidan oʻtuvchi M–37 avtomobil yoʻlining 126 kilometrida xizmat olib borayotgan viloyat IIB JXX YHXB 4-otryad YHB inspektori, safdor Oybek Shermatov shu yoʻnalishda harakatlanib kelayotgan «Cobalt» rusumli davlat raqami 30 O 177 MV boʻlgan avtomashinani toʻxtatadi. Inspektor haydovchi Nodir Isayevning hujjatlarini tekshirayotganida transport vositasining old yon oynalari tusini oʻzgartirganligi (qoraytirish) haqidagi ruxsatnomasi yoʻqligi maʼlum boʻladi.

– Muloqot jarayonida yosh haydovchiga transport vositasining old yon oynalari tusini oʻzgartirish (qoraytirish) boʻyicha oʻrnatilgan tartibni, qoidabuzarlikka yoʻl qoʻyganini tushuntirdim, – deydi Oybek Shermatov. – Keyin ushbu holat boʻyicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani jarima maydonchasiga joylashtirdim.

Qilgan ishidan toʻgʻri xulosa chiqarish oʻrniga, goʻyoki, uddaburon N. Isayev shu joyning oʻzida qoidabuzarligini oʻz foydasiga hal etib, ishga «nuqta» qoʻyishga kirishdi. Va inspektor Oybek Shermatovga oʻziga nisbatan chora koʻrmaslik, toʻplangan hujjatlarni YHXBga oʻtkazmaslik hamda avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga yuz AQSH dollari miqdoridagi pullarni pora sifatida taklif qildi. YHB inspektori unga harakatlari noqonuniyligini, pora berish-olish jinoyat ekanligini bir necha bor tushuntirishiga qaramasdan, oʻz fikridan qaytmaydi. Natijada vaʼda qilgan pullarini pora sifatida berayotgan vaqtida qoʻlga olinadi.

Oybek Shermatov oʻn bir yildirki, ichki ishlar organlari tizimida xizmat olib boradi. Kasbga sadoqati, xizmatdagi fidoyiligi sabab rahbariyat tomonidan koʻp bora ragʻbatlantirilgan. Otasi Abdunazar aka hamda onasi Manzura ayaning duolarini oltindanda qimmat, deb bilguvchi xodim kasb-korining barakasini vijdonni sotmaslik, toʻgʻrilik va halollikda, deb biladi. Oila oshiyonida rafiqasi Umidaxon bilan qizlari Dilnuraxon va Parizodaga ham ana shunday insoniy fazilatlarni yuqtirib tarbiya qilishmoqda.  

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

 oʻz muxbirimiz.

 Samarqand viloyati.