Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi «Bogʻiston» mahallasi hududida joylashgan «Baliqlikoʻl» ziyoratgohi asrlar osha xalqning maʼnaviy hayotida alohida oʻrin egallab kelayotgan qadamjolardan biri hisoblanadi. 2019-yilda Oʻzbekiston moddiy madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan mazkur majmua nafaqat tarixiy yodgorlik, balki yuksak ruhiy qadriyatlarni oʻzida mujassam etgan noyob maskandir. Uning ilk shakllanish davri XIX asr – aniqrogʻi, 1863-yil bilan bogʻlansa-da, rivoyatlar va arxeologik qarashlar bu hududning ildizlari yanada qadim – XII–XIII asrlarga borib taqalishini koʻrsatadi.

Bu ziyoratgoh, eng avvalo, islom olamida katta hurmat va muhabbatga sazovor boʻlgan zot – Sulton Uvays Qaroniy nomi bilan chambarchas bogʻliq. Uning shaxsiyati, hayoti va ruhiy merosi nafaqat tari­xiy manbalarda, balki xalq ogʻzaki ijodida ham keng yoritilgan.


Gʻoyibona muhabbat timsoli

Sulton Uvays Qaroniy Yamanning Qaran qishlogʻida oddiy chorvador oilasida tugʻilib oʻsgan.

Rivoyatlarda keltirilishicha, u onasiga xizmat qi­lishni hayotining eng oliy burchi deb bilgan. Hatto Paygʻambarimiz bilan uchrashish imkoniyati tugʻilganda ham, onasi­ning ruxsatini cheklangan shart bilan olgan: agar u zotni uyda topmasa, qaytib ketishi kerak edi. Uvays Qaroniy Madinaga kelib, Paygʻambar (s.a.v.)ni topolmay, vaʼdasiga sodiq qolgan holda ortga qaytgani uning itoati va sadoqatini yanada yuksak darajaga koʻtargan.  


Moʻjizalar maskani

Ziyoratgohning markaziy qismi hisoblangan «Baliqlikoʻl» tabiiy jihatdan ham noyob hududdir. Uning suvi doimo musaffo, tiniq va muzlamaydi. Bu holat yer osti buloqlari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin, ammo xalq orasida bu koʻl ilohiy neʼmat sifatida qabul qilinadi.

Koʻlda yashaydigan yirik baliqlar ham alohida himoya ostida. Rivoyatlarga koʻra, ularga ozor yetkazish mumkin emas – aks holda, insonga musibat yetishi haqida ishonchlar mavjud.


«Sutli buloq»

Ziyoratgoh hududida joylashgan yana bir noyob joy – xalq orasida «Sutli buloq» yoki «Sirli buloq» nomi bilan mashhur boʻlgan suv manbayidir. Uning eng ajablanarli xususiyati – haftaning maʼlum kunlarida suvning sut rangiga kirishi, keyin esa yana tiniq holga qaytishidir.

Rivoyatlarga koʻra, bu buloq Sulton Uvays Qaroniyning duosi bilan paydo boʻlgan. U onasini dafn qilish uchun suv topolmaganida Yaratgandan yordam soʻragan va shu zahoti yerdan buloq otilib chiqqan. Bugungi kunda ham ziyoratchilar bu suvni shifobaxsh deb hisoblab, undan bahramand boʻlishadi.


Bibi Naima ona maqbarasi

Ziyoratgoh majmuasi­ning ajralmas qismi boʻlgan Bibi Naima ona maqbarasi Uvays Qaroniy­ning onasiga boʻlgan cheksiz muhabbat va ehtiromning yorqin ramzi sifatida qaraladi. Ushbu maqbara tepalikda joylashgan boʻlib, rivoyatlarga koʻra, Uvays onasining vasiyatiga koʻra, uning poyiga dafn etilgan. Bu oʻzbek xalqining azaliy qadriyatlaridan biri – onaga ehtirom va sadoqat gʻoyasini yanada mustahkamlaydi.

Sulton Uvays Qaroniy nomi soʻfiylik taʼlimoti bilan ham chambarchas bogʻliq. U koʻpincha bu yoʻnalishning ruhiy ilhom manbalaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. Shu sababli, «Baliqlikoʻl» ziyo­ratgohi soʻfiylik izdoshlari uchun ham alohida ahamiyatga ega maskan hisoblanadi.


Zamonaviy qiyofa va turizm salohiyati

Soʻnggi yillarda mazkur ziyoratgohda keng koʻlamli obodonlashti­rish ishlari amalga oshirildi. Yangi masjid, ayvonlar, zamonaviy mehmonxona, milliy muzey, kutubxona, favvoralar va dam olish maskanlari barpo etildi. Mintaqadagi koʻkalamzorlash­tirish ishlari ham keng yoʻlga qoʻyilib, minglab manzarali daraxt va gul koʻchatlari ekildi.

Shuningdek, bu yerda saqlanayotgan ulkan hajm­dagi qoʻlyozma Qurʼon nusxasi ham katta ilmiy va madaniy ahamiyatga ega. Uning ogʻirligi 21,5 kilogramm, 428 sahifadan iborat boʻlib, Oʻzbekistondagi eng yirik mushaflardan biri sanaladi.

«Baliqlikoʻl» ziyorat­gohi – faqat tarixiy yod­gorlik emas. U inson qal­bi, eʼtiqodi, muhabbati va tabiat moʻjizalari­ning uygʻunlashgan manzilidir. Bu yerda har bir tashrif buyuruvchi oʻz qalbiga yaqin maʼno topadi: kimdir shifo izlaydi, kimdir tasalli, yana kimdir ruhiy yuksalish sari qadam qoʻyadi.

Bugungi kunda ushbu muqaddas maskan nafaqat Namangan viloyati, balki butun Oʻzbekistonning ziyorat turizmidagi muhim nuqtalaridan biriga aylangan. Uning shon-shuhrati esa kun sayin kenga­yib, dunyo boʻylab ziyoratchilarni oʻziga chorlamoqda.


Jahongir TOʻXTASINOV,

oʻz muxbirimiz.