1948 yil 10 dekabr kuni qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoʻyidagi soʻzlar bilan boshlanadi: “Barcha odamlar erkin, qadr-qimmat va huquqlarda teng boʻlib tugʻiladilar».
Taʼkidlash joizki, koʻplab davlatlar kabi mamlakatimiz ham ushbu deklaratsiyaga qoʻshilgan hamda insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratiladi.
Jumladan, Yurtboshimiz Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan bayram tabrigida ham aynan shu masalaga alohida toʻxtalib, konstitutsiyaviy islohotlarning obʼektiv zarurati sifatida ilgari amal qilib kelingan “davlat-jamiyat-inson” tamoyilini “inson-jamiyat-davlat” deb oʻzgartirish, iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini taʼminlash bosh mezon boʻlishi kerakligi haqida fikr bildirdilar.
“Bu xalqparvar davlat barpo etishning eng muhim shartidir”, deya taʼkidladi Prezidentimiz.
IIV Fargʻona akademik litseyida Yurtbshimizning bayram tabrigida bildirgan fikrlarini oʻquvchilar ongiga chuqurroq yetkazish maqsadida ”Inson huquqlarini kuni” munosabati bilan huquqiy targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Tadbirda Fargʻona viloyati IIB Tashkiliy boshqarmasi yuridik taʼminlash boʻlimi yetakchi yuriskonsulʼti, kapitan Asliddin Buvajonov, viloyat Adliya boshqarmasi boʻlim boshligʻi Elmurod Olimov, IIV Jazoni ijro etish departamentiga qarashli Fargʻona shahridagi 10-tergov hibsxonasi tashkiliy boʻlim boshligʻi, mayor Umarjon Husanov ishtirok etdi.
Anjumanda Davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan bayram tabrigida bildirilgan fikrlar, Inson huquqlari umumjahon dekloratsiyasining mazmun-mohiyati, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida qoʻllanadigan umumeʼtirof etiladigan qonunlar haqida soʻz yuritildi.
Soʻzga chiqqan mutaxassislar oʻzlarining ish faoliyatlari haqida maʼlumot berib, inson huquqlarini himoya qilish borasida uchrayotgan ayrim muammolar va erishilayotgan yutuqlar haqida gapirishdi.
Tadbirda oʻquvchilarning mavzuga oid savollariga mutaxassislar atroflicha javob qaytarishdi.
Feruza GʻOZIYEVA,
litsey oʻqituvchisi.
