– Padari buzrukvorim aslida rishtonlik, lekin taqdir taqozosi bilan Guliston davlat universitetida tahsil olgan, – deydi lavhamiz qahramoni otasini xotirlab. – Oʻqishni tamomlagach ustozlarining maslahati bilan 1996-yilda Guliston shahar IIBga profilaktika inspektori boʻlib xizmatga kirgan. Keyinchalik Oqoltin tumanida profilaktika inspektori, jinoyat qidiruv boʻlimi katta tezkor vakili lavozimlarida faoliyat yuritgan. Ming afsuski, 2002-yil oktabr oyida 32 yoshida xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok boʻlgan. Otam vafot etganida 7 yoshli qizaloq edim. Oʻsha kundan buyon onam menga: «Katta boʻlsang, ichki ishlar organi xodimi boʻlasan. Otangning ruhini shod etib, ishini davom ettirasan», deb uqtirib keldi. Ana shu maqsad yoʻlida tinmay oʻqib, izlandim va shukronalar boʻlsinki, orzularimga yetdim. Ammo yuragimda bir armon bor: shu kunlarimni, erishgan yutuqlarimni otam koʻrishini juda-juda xohlar edim.
Lavhamiz qahramoni 2010-yilda Fargʻona shahridagi Huquqshunoslik kollejiga oʻqishga kirdi. Keyinchalik 2013–2017-yillarda IIV Akademiyasida tahsil oldi. Dastlab Fargʻona shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimida xizmat faoliyatini boshladi. 7 yil shu sohada tajriba toʻpladi.
2024-yildan Quvasoy shahar IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori lavozimida xizmat qilmoqda. Shahar hududida xotin-qizlar jinoyatchiligini jilovlash, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida jonbozlik koʻrsatib kelmoqda.
Joriy yilning oʻtgan davrida mahalla yettiliklari bilan hamkorlikda «xonadonbay» va «fuqarobay» oʻrganishlar olib bordi. Mazkur jarayonda 13 nafar ayolni ishga joylashtirishga koʻmaklashdi. Uning tavsiyasi bilan 32 nafar ayolga moddiy va ijtimoiy yordam koʻrsatildi. Lavhamiz qahramoni 8 nafar ayolning davolanishga muhtojligini aniqlab, tibbiyot maskanlariga yubordi, 22 nafar ayolga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini qayta tiklashda amaliy yordam koʻrsatdi, 3 nafar ayolga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashdi, 3 nafar xotin-qizni esa Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga joyladi.
Ayni paytda Quvasoy shahrida istiqomat qilayotgan xotin-qizlarning 259 nafari ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turadi. Gulshodaxon Oʻktamova asosiy eʼtiborni shu toifadagi ayollarga qaratib, ularning har biriga tarbiyachi-murabbiy biriktirdi. Ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida huquqshunoslar, psixologlar va otinoyilar ishtirokida 10 marotaba davra suhbatlari hamda treninglar oʻtkazdi.
Jonkuyar katta inspektor zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan ado etish bilan birga, soha xodimlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan turli koʻrik-tanlovlar, «Zakovat» intellektual oʻyini va sport musobaqalarida ham faol ishtirok etib, yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda. Jumladan, «Fidoyi ayol xodima» koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida birinchi oʻrinni egallab, joriy yil boshida ichki ishlar organlari tizimidagi xotin-qizlarning ikkinchi respublika forumida munosib ishtirok etdi.
Gulshodaxon Oʻktamova kabi shaxt-u shijoatli, hamisha ilmga intiladigan, Barchinoydek oqila, jasorat bobida Toʻmarisdan oʻrnak olgan xotin-qizlar sohaning chinakam malikalaridir.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.