Kuni kecha Urganch shahridagi tantanalar saroyiga Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan viloyat osoyishtalik posbonlarining bir guruh fidoyi xodimlari, faxriylar hamda xizmat vazifasini bajarish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan xodimlarning yaqinlari, shuningdek, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlarining rahbarlari taklif etildi. Tantanali tadbirda viloyat IIB boshligʻi, general-mayor D.Nazarmuxamedov soʻzga chiqib, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalariga toʻxtalib, barchani kasb bayrami bilan samimiy qutladi. Shuningdek, boshqarma boshligʻi Prezidentimiz va Ichki ishlar vazirining osoyishtalik posbonlari va faxriylarga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.
Tantanali tadbirda davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq, “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan podpolkovniklar Gʻulomjon Sharipov, Zafarbek Ibragimov hamda katta serjant Xasanboy Allayarovlar davlat mukofotiga munosib koʻrilgani bilan muborakbod etildi.
Xizmat vazifasini sidqidildan bajarib, hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan xodimlardan bir guruhiga Ichki ishlar vazirining buyrugʻiga binoan, “Aʼlo xizmatlari uchun”, “Benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari, “Faxriy yorliq”lar hamda esdalik sovgʻalar topshirildi.
Shuningdek, viloyat ichki ishlar organlarining fidoyi xodimlari hamda soha faxriylari Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan taʼsis etilgan esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Tadbirda xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning yaqinlariga ham bayram sovgʻalari ulashildi.
El suygan sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar, jozibador raqslar kecha ishtirokchilariga manzur boʻldi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
