Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining “Yangi yil” va “Prezident archasi” bayram tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida xavfsizlikni taʼminlash va jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi farmoyishi va tegishli koʻrsatmalari ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati va Kasbiy tayyorgarlik boʻlimi xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan viloyat IIB va uning quyi tizimlarida shaxsiy tarkib bilan saf koʻriklari oʻtkazildi. Bunda barcha shaxsiy tarkibning ishtiroki, xodimlarning tashqi koʻrinishi, xizmat kiyimini kiyib yurish tartib-qoidalariga rioya qilinishi, doimiy ravishda yonida boʻlishi lozim boʻlgan anjomlar va xizmat guvohnomasining talab darajasida olib yurilishi hamda saf tayyorgarligi boʻyicha amaliy koʻnikmalarning qay darajada shakllanganligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, viloyat boʻylab “Yangi yil” bayram tadbirlarini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish oldidan shaxsiy tarkibning jangovarligini oshirish maqsadidagi saf tayyorgarligi mashgʻulotlari oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Saf Nizomining ayrim mashqlari bajarildi.

Bundan tashqari, shaxsiy tarkibning xizmat intizomi va qonunchilikka toʻliq rioya qilishi, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala boʻlish, xizmat vazifasini bajarishda xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslik, xizmatga taalluqli boʻlmagan ishlarga aralashmaslik yuzasidan qoʻshimcha yoʻriqnomalar oʻtkazildi.

 

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati.