Qahramonimiz kinologlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan koʻpkurash muso­baqalarida yuqori natijalarga erishayo­tir. Jumladan, 2018-yilda Samarqandda uyushtirilgan ana shunday bellashuv­da 2-, 2020-yilda Qashqadaryoda tashkil etilgan koʻpkurashda 3-oʻrinni egalladi. 2019-yilda Xorazmda boʻlib oʻtgan «Kinologiya xizmati aʼlochisi» koʻrik-tanlovida faol ishtirok etganligi uchun taqdirlangan boʻlsa, 2021-yilda poytaxtda oʻtkazilgan «Aʼlochi kinolog» koʻrik-tanlovida 2-darajali diplom egasiga aylandi. Ayni shu musobaqada qoʻl jangi yoʻnalishida 3-oʻrinni ham qoʻlga kiritgan. 

«III toifali kinolog» koʻkrak nishoni sohibi Anvar Isroilovning hayotida bu yil yana bir quvonchli voqea yuz berdi. U IIV Akademiyasi talabalari safidan joy oldi. Aytgancha, safdor 2024-yilda «Zarya» laqabli xizmat iti bilan birgalikda 1 ta oʻgʻirlik, 4 ta giyoh­vandlik moddalar bilan bogʻliq jinoyatlarni fosh qilishga muvaffaq boʻldi. Lavhamiz qahramoni yutuqlari sirini sohaga muhabbati bilan izohlaydi.

Alijon ABDUSATTOROV,

oʻz muxbirimiz.