Fargʻona viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati jismoniy va jangovar tayyorgarlik boʻlimi boshligʻi, kapitan Shohrux Nosirov ustozlar oʻgitiga tayangan jonsarak xodimlardan biri sanaladi.
– Ichki ishlar organlarida xizmat qilishni bolaligimdan orzu qilganman, – deydi lavhamiz qahramoni. – Amakim isteʼfodagi podpolkovnik Almatjon Homidov koʻp yillar ichki ishlar organlarida faoliyat yuritgan. Hozirda Oltiariq tumani IIB boshligʻining maslahatchisi va Faxriylar kengashining raisi boʻlib ishlaydi. Amakimga havas qilib, uning maslahat va tavsiyalari bilan shu sohani tanladim. Shukrki, bugun sira kam boʻlayotganim yoʻq.
Istiqlol tengdoshi boʻlgan Shohrux Nosirov yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan
unumli foydalanib, bilim olishga qunt bilan yondashdi. Shu bilan birga, sportga mehr qoʻyib, kikboks va boks turlari bilan muntazam shugʻullanib keldi.
– Sport bilan shugʻullanish uchun keng imkoniyatlar
eshigi ochilganligi sababli men ham dastlab oʻzim tugʻilib oʻsgan Oltiariq tumanidagi boks sport klubiga qatnay boshlaganman, – deydi u. – Maktabning 9-sinfini tamomlagach, Qoʻqon avtotransport kasb-hunar kollejiga oʻqishga kirdim va sport bilan shugʻullanishni Qoʻqonda davom ettirdim. Oʻsmirlik yillari koʻplab viloyat va respublika miqyosidagi musobaqalarda qatnashib, sovrindor boʻlganman. Oltiariq tumani IIBdagi Vatanparvarlik burchagida medal va kuboklarim, fotosuratlarim saqlanib turadi. Hozir ham sport bilan shugʻullanishni bir zum toʻxtatganim yoʻq.
Fargʻona davlat universitetini tamomlagan lavhamiz qahramonining bolalikdagi orzusi amalga oshib, 2017-yilda egniga forma kiydi. Dastlab, Qoʻshtepa va Oltiariq tumani IIBda kadrlar bilan taʼminlash guruhi katta inspektori boʻlib ishladi. Undagi bilim, tirishqoqlik va kasbga sadoqat rahbariyat eʼtiboridan chetda qolmadi. 2021-yilda viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati jismoniy va jangovar tayyorgarlik boʻlimiga katta inspektor lavozimiga taklif etishdi. Keyinchalik bir muddat Soʻx tumanida tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi komandirining tarbiyaviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari sifatida faoliyat olib bordi.
Kapitan Shohrux Nosirov oʻzining yutuq va muvaffaqiyatlarida, avvalo, ota-onasi Oʻtkirjon Nosirov va Shahzodaxon Nosirovalarning, shuningdek, yangi ish boshlaganda qanoti ostiga olgan ustozlari – podpolkovnik
Abbos Murodullayev, Boqijon Pirnazarov, Murodjon Qunduzovlarning hissasi katta ekanligini juda koʻp taʼkidlaydi.
Fidoyi oʻgʻlon turmush oʻrtogʻi bilan hamjihatlikda 3 nafar farzandni kamolga yetkazmoqda. Ikkala oʻgʻli ham hozirdanoq sportga mehr qoʻygan. Kelajakda ular ham Vatanimizni munosib himoya qiladigan, el koriga yaraydigan inson boʻlib kamolga yetishini niyat qilmoqda.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
