Yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari jarayonida ichki ishlar organlari uchun ham yangi binolar qurilayotgani, eskilarining zamonaviy koʻrinishda qayta taʼmirlanayotgani xizmat sifati va samaradorligini oshirishga zamin yaratmoqda. Jumladan, keng koʻlamli islohotlar jarayonida ichki ishlar organlari xodimlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xizmat sharoitlarini yaxshilash borasida ibratli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Yangi yil bayrami arafasida Jondor tuman ichki ishlar boʻlimi maʼmuriy binosi qayta rekonstruktsiya qilinib, kapital taʼmirdan chiqarildi. Barcha xodimlarga shinam, zamonaviy mebel bilan jihozlagan xizmat xonalari ajratildi. Shuningdek, tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi, Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi, Probatsiya guruhi, qolaversa, kinologiya xizmati, kutubxona, maʼrifat zali, dush, oshxona singari yangi binolar hamda sunʼiy qoplamali minifutbol oʻyingohi ham bitkazilib foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, viloyat IIB PPX va JTSB Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazining maʼmuriy binosi zamonaviy loyiha asosida qurib bitkazildi. Mazkur inshoot koʻrkam va shinam xonalardan iborat boʻlib, zaruriy mebel jihozlari va boshqa uskunalar bilan taʼminlandi. Tantanali ochilish marosimida viloyat prokurori M.Istamov, viloyat IIB boshligʻi, polkovnik SH.Aliyev, Kogon shahar sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilar ishtirok etishdi. Soʻngra ishtirokchilar hamkorligida muassasa shaxsiy tarkibi hamda unda saqlanadigan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Qolaversa, markazda saqlanayotgan shaxslarning holidan xabar olinib, ularning murojaat va muammolari oʻrganildi. Yana ular uchun bayram dasturxoni tuzatish maqsadida Kogon shahar hokimligi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Qisqasi, mazkur maskanlarda osoyishtalik posbonlarining samarali xizmat olib borishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Endilikda ular xalqimizning mushkulini oson qilibgina qolmay, muammolarini bartaraf etishadi. Jinoyatchilikning oldini olishda hamda unga qarshi kurashishda faollik bilan xizmat qilishadi. Eng asosiysi, yangi xizmat xonalarining topshirilishi xodimlar uchun chin maʼnoda bayram tuhfasi boʻldi, desak, adashmaymiz.

Mirzoqul AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.