Mahalladagi 1300 ta xonadonda 3540 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning turmush tarziga nazar solarkansiz, sogʻlom muhit va qoʻni-qoʻshnichilik munosabatlari yaxshi shakllanganiga amin boʻlasiz.

— Mahallamizda oxirgi bor ikki marta yoʻl-transport hodisasi va bitta jinoyat sodir etilgan edi, — deydi mahalla profilaktika inspektori, katta leytenant Boburjon Hasanov. — Ular ham shahrimizga tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan sodir etilgan. Hududda shu kabi holatlar­ning takrorlanmasligi, mahallani namunali manzillardan biriga aylantirish uchun, eng avvalo, aholi bandligini taʼminlashga harakat qilyapmiz. Zero, barcha illatlar, nomaqbul ishlar bekorchilikdan kelib chiqadi. Yilning oʻtgan davri mobaynida 

100 nafardan ziyod fuqarolarni doimiy ish joyi bilan taʼminladik.

Jinoyatchilikdan xoli hudud, degani profilaktika inspektorining ishi oz, degani emas ekan. U bilan suhbatimiz davomida ham oʻnga yaqin fuqarolarni qabul qilishiga toʻgʻri keldi.

— Bir kunda oʻrtacha 

30 nafar fuqaro murojaat qiladi, – deydi maqolamiz qahramoni. – Murojaatlar­ning aksariyati huquqiy masa­lalar oid boʻlib, bu mahallamizda fuqarolar­ning huquqiy bilimini yanada oshirish, amaldagi qonun va qonunosti hujjatlari bilan tanishtirish muhimligini anglatadi. Shu bois ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar, guruhlar ochganman. Ularda mahalladoshlar oʻzlarini qiynayotgan muammolar va savollari bilan murojaat qilishadi.

Katta leytenant Boburjon Hasanov avval Xon­obod shahrining «Fozilmon» mahallasida xizmat qilgan. U yerda asosan tub aholi istiqomat qilar, sharoit ham osonroq edi. «Yangi hayot»da esa mehmonlar oqimi koʻpligi, aholining turfa toifalardan iboratligi sabab nazorat qiyinroq. Shuning uchun profilaktika inspektori mahalladagi jamoatchilik vakillaridan nazoratchilar tanlab olgan. Ular bilan hamkorlikda har bir koʻcha, har bir xonadonning tinchligi taʼminlanmoqda.

– Toʻgʻri, uning bir oʻziga oson emas, – deydi fuqaro Sherzodbek Ahmad­jo­nov. – Shuning uchun mahallada obroʻ-eʼtibor qozongan, soʻzi oʻtadigan insonlar ishtirokida jamoatchilik nazorati guruhlari tashkil etilgan. Ular bilan birga har bir koʻchada nazorat ishlarini olib boramiz. Qaysi xonadonda muammo yoki yordam kerak boʻlsa, profilaktika inspektoriga yetkazamiz. 

Bir soʻz bilan aytganda, mahallaning tinchligi va osoyishtaligi, aholidagi birdamlik profilaktika ins­pektori va jamoatchilik­ning hamkorligi natijasida taʼminlanmoqda. Shu bois bugungi kunga kelib «Yangi hayot» mahallasi, haqiqatan ham, oʻz nomi kabi yangi ruh, yangi hayot bagʻishlaydigan, jinoyatchilikdan xoli hudud sifatida yurtdoshlarimizga namuna boʻlmoqda.


Saminjon HUSANZODA,

oʻz muxbirimiz. 

Andijon viloyati.