Umidjon Soliyev uzoq yillar Andijon viloyati ichki ishlar organlari navbatchilik qismlarida xizmat qilib, viloyat IIB Situatsion markazi navbatchilik qismi boshligʻi lavozimidan podpolkovnik unvoni bilan pensiyaga chiqdi. Uning ukasi Ulugʻbek tergov xizmatida faoliyat olib borgan. U ham podpolkovnik unvonigacha xizmat qilgan. Soʻnggi paytlarda Paxtaobod tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi boshligʻi lavozimida ishlagan. Nodirbek katta akalari izidan bordi. Hozirda u Andijon viloyati IIB Probatsiya boshqarmasi inspektori, mayor.
Kamoliddin Soliyev 2020-yildan oilaviy anʼanalarni davom ettirib, amakilari izidan borishga qaror qildi. Dastlab tergov izolyatorida nazoratchi sifatida xizmat olib bordi, 2022-yildan esa Andijon viloyati IIB Tashkiliy boshqarmasi Tezkor boshqaruv markazi
«102» xizmati kichik mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Unga ustozi – podpolkovnik Umidjon Soliyev oʻzining hayot va xizmat tajribasini beminnat oʻrgatdi. Bugungi kunda safdor Kamoliddin Soliyev shogirdlari – safdorlar Shuhrat Mutalipov va Gulshona Abdukarimovalarga ustozlik qilmoqda.
– Faoliyatimiz mashaqqatli va masʼuliyatli, – deydi safdor K. Soliyev. – Har smenada fuqarolardan 180 tadan 200 tagacha qoʻngʻiroq kelib tushadi. Har bir murojaatni roʻyxatga olish va masʼul navbatchi ofitserga yetkazish zarur, u esa osoyishtalik posbonlarini manzil boʻyicha yoʻnaltiradi.
Kamoliddinning orzusi IIV Akademiyasining sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirib, kelgusida ofitser boʻlish.
Boris KLEYMAN,
oʻz muxbirimiz.
Andijon viloyati.
