Tarixda ayollar orasida oʻzining jasorati, ilm-u urfon yoʻlidagi fidoyiligi, davlat boshqaruvidagi yuksak salohiyati bilan mangulik lavhidan joy olganlari ham talaygina. Jamiyat rivoji, yurt taraqqiyoti, el osoyishtaligi yoʻlida samarali xizmat qilgan Oyimsara Ergashevani ham ana shunday fidoyi ayollardan biri edi, desak, aslo yanglishmagan boʻlamiz.
1941-yil Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida tugʻilgan, maktabda aʼlo baholarga oʻqigan, tirishqoq, izlanuvchan Oyimsara yetuklik shahodatnomasini qoʻlga olgandan soʻng, Qarshi pedagogika institutiga hujjat topshirdi. Omadi chopib, rus tili fakultetiga oʻqishga qabul qilindi. Institutni bitirib, oʻrta maktabda rus tilidan bolalarga saboq berdi. Maktabda ishlash bilan birga, viloyat IIB Tergov hibsxonasida ikki yil tarjimonlik ham qildi. Undagi sohaga boʻlgan qiziqish va ishtiyoq, eng muhimi, ichki ishlar idoralari xodimiga xos qatʼiyatni sezgan viloyat IIB rahbariyati O.Ergashevani sohaga taklif etdi.
Dastlabki faoliyatini boshqarma XCHK va FRBda katta inspektor sifatida boshlagan yosh xodima oʻz ustida tinimsiz ishlab, sohaga oid bilimlarini boyitdi. Olti yil shu sohada xizmat qilgan Oyimsara Ergasheva oʻz iqtidori va salohiyati, hujjat tartiboti borasidagi tajribasi bilan hamkasblari eʼtiborini qozondi.
Shundan keyin Oyimsara Ergashevaning faoliyati viloyat IIB kotibiyat boʻlimi bilan chambarchas bogʻlandi. Oʻn yil kotibiyatda boshliq boʻlib ishlagan kezlarda ham opaning tajribasi qoʻl keldi. Boshqarmaning turli sohalari va shahar-tuman ichki ishlar boʻlimlarida ish yuritish, fuqarolarning turli mazmundagi murojaatlarini saralash, ariza, shikoyatlar mualliflariga javob xatlari tayyorlash borasida jonbozlik koʻrsatdi.
U jamoat ishlarida ham faol edi. Boshqarma xotin-qizlar qoʻmitasi aʼzosi sifatida ichki ishlar idoralarida xizmat qilayotgan shahodatlangan va yollanib ishlovchi xotin-qizlarning muammolarini bartaraf etishda fidoyilik koʻrsatdi.
Oyimsara Ergasheva biroz muddat jamoat tartibini taʼminlash boʻlimida katta inspektor lavozimida faoliyat koʻrsatdi. Bu lavozimda ham samarali xizmat qildi. Shahar-tumanlar ichki ishlar boʻlimlarida xizmatni rejalashtirish, amalga oshirilgan ishlarni tartib bilan yigʻma jildga taxlash va tahlil qilish borasida oʻziga xos maktab yaratdi.
Opaning el osoyishtaligi yoʻlidagi xizmatining soʻnggi besh yili yana boshqarma kotibiyati bilan chambarchas bogʻlandi. Oyimsara Ergasheva kotibiyatga rahbarlik qilgan mustaqillik yillarida sohada oʻziga xos oʻzgarish va burilishlar boʻldi. Tizimning koʻplab sohalarida ish yuritish rus tilidan oʻzbek tiliga oʻtdi. Oʻsha davrda koʻplab hujjatlarni oʻzbek tiliga oʻgirish, davlat tilida ish yuritish borasida mutaxassis sifatida opaning xizmatlari nihoyatda katta boʻldi. 1993-yilda Oyimsara Ergashevaga «polkovnik» maxsus unvoni berildi. Oradan ikki yil oʻtgach pensiyaga chiqdi.
Oyimsara opaning hayotda erishgan yutuqlarida turmush oʻrtogʻi Husan Ergashevning ham munosib hissasi bor. Ular ikki oʻgʻilni tarbiyalab voyaga yetkazishdi. Katta oʻgʻli Aziz Ergashev onasi izidan borib, ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilib, mayor unvoni bilan pensiyaga chiqdi. Ayni kezlarda uning toʻngʻich farzandi podpolkovnik Ruslan Ergashev ham ichki ishlar organlarining tezkor qidiruv xizmatida faoliyat koʻrsatmoqda.
Ha, bugun viloyatning birinchi polkovnik ayoli Oyimsara Ergasheva oramizda boʻlmasa-da, uning ezgu ishlari hamon meva bermoqda, oʻzi qalblarimizda yashamoqda.
Sodiq Rahimov,
oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
