Rustam (ismi oʻzgartirildi) ham qoidalarga bepisandlik bilan qaraydiganlar toifasidan chiqib qoldi. Ayniqsa, ulfatchilik deb, «shayton suvi»­ga mukkasidan ketdi. Koʻza kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, spirtli ichimlik isteʼmol qilib, rulga oʻtirgan Rustam bu gal manziliga yeta olmadi. Viloyat IIB JXX YHXB saf boʻlinmalari yoʻl-patrul xiz­mati batalyoni ikkinchi otryad 

uchinchi safarbar guruhi ins­pektori, leytenant Bunyod Yazdonov Samarqand shahri koʻchalarida xizmat olib borish jarayonida shubhali koʻringan «Damas» avtomashina­sini toʻxtatib, haydovchi spirtli ichimlik taʼsirida transport boshqarib yurganini aniqladi. Unga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllanilib, avtomashina vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Rustam YPX inspektoriga avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berish va rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnomani yoʻq qilish evaziga 500 AQSH dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qiladi. Inspektor uning taklifini kes­kin rad etsa ham, qoidabuzar fikridan qaytmaydi.

– Pulni oling-da, ishga nuqta qoʻying, deb turib oldi, – deydi leytenant Bunyod Yazdonov. – Unga pora taklif qilishi oʻrinsiz ekanligini tushuntirdim. Ammo u xatosini pora evaziga «yopdi-yopdi» qilish kerakligini aytdi. Bu kabi xato keyingi xatoni keltirib chiqarishi va kutilmaganda sodir boʻladigan koʻngilsiz hodisa kimningdir umriga zomin boʻlishini oʻylab, rahbariyatga bildirgi yozdim.

2021-yildan beri tizimda xizmat qilib kelayotgan Bunyod Yazdonov halollik, burchga sadoqat, qasam­yodiga sodiqlikni oltin qoidaga aylantirgan. Otasi Ixtiyor aka, onasi Nasiba opaning «Toʻgʻrisoʻzlik va halollikda hikmat koʻp, tanlagan kasbingda baraka topay, hayotda muvaffaqiyatlarga erishay, desang, vijdon amriga quloq sol», degan nasihatlariga amal qilib kam boʻlmayapti. Rafiqasi Iroda­xon bilan farzandlari Iymona va Biloljonni ahil-inoqlikda tarbiyalashmoqda. 

Aslida, hayotning mazmuni, baxtning kaliti, muvaffaqiyatlarning siri ham halollikda.

Umida MAMADALIYEVA.

Samarqand viloyati.