Viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Sh. Aliyev joylarga chiqib, mahallabay tizim asosida amalga oshirilayotgan ishlarning ahvolini oʻrganib, aholi murojaatlari boʻyicha mahallalarda xizmat qilayotgan masʼullar bilan fikr almashib, tavsiya va topshiriqlar berib kelyapti. Qolaversa, aniqlangan muammo va masalalarni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.
Shu maqsadda boshqarma boshligʻi bir qator masʼul rahbarlar bilan birgalikda Romitan tumani 3-sektoriga qarashli Bogʻcha mahallasiga borishdi. Ular mahalla aholisiga qulaylik yaratish, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining asossiz oshib ketishining oldini olish, aholining asosiy turdagi mahsulotlarga boʻlgan ehtiyoji va talablarini inobatga olgan holda, tashkil etilgan arzonlashtirilgan oziq-ovqat savdo yarmarkasini borib koʻrib, fuqarolarning kayfiyati va fikr mulohazalari bilan qiziqishdi.
Bundan tashqari, mahallaga xizmat koʻrsatuvchi 169-sonli ichki ishlar organlari tayanch punkti holati koʻzdan kechirildi. Profilaktika inspektoriga yaratib berilgan xizmat sharoitlari va yurituvidagi hujjatlari oʻrganildi. Mahalla raisi va profilaktika inspektorining hududda jinoyat hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi. Shuningdek, ularga qator koʻrsatma va topshiriqlar berib, ijrosini oʻz nazoratiga oldi. Yana uchinchi sektorga qarashli mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida oʻz tavsiyalarini ham berdi.
Bu kabi oʻrganish ishlari tasdiqlangan grafik asosida har kuni barcha tuman (shahar)larda bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.
Sh. JALOLOV,
podpolkovnik.
M. AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
