1987-yilda tashkil etilgan mahalladagi 41 ta koʻp qavatli uyda 1 990 ta xonadon mavjud boʻlib, ularda 5300 nafardan ortiq aholi ahil-inoq yashab kelmoqda. Aholining mazmunli hordiq chiqarishi va sogʻlom turmush tarzi taʼminlanishi uchun hududda 20 ta bolalar, 11 ta workout, 3 ta mini-futbol maydonchasi va zamonaviy tennis korti barpo etilgan. Shuningdek, ikkita maktabgacha taʼlim tashkiloti jajji bolajonlarni oʻz bagʻriga olgan.

– Davlatimiz rahbari mahallamizda yaratilgan bogʻning betakrorligini, bu yerdagi muhit butun respublika boʻylab joriy etilishi lozim boʻlgan andaza ekanligini taʼkidladi, – deydi mahalla raisi Nuriddin Ochilov. – Bu biz uchun faxr va oʻz navbatida katta masʼuliyat. Bu tajribani butun mamlakatga yoyish kerakligini, ayniqsa, koʻp qavatli uylarning fasad qismiga ishlangan devoriy tasviriy sanʼat namunalari hududga zamonaviy ruh bagʻishlaganini ham alohida eʼtirof etdi.

Mahallaning «yashil» toifada qolishida yettilik hamda profilaktika inspektorlari – kapitan Joldas Moʻminov va leytenant Rustam Doʻsmatovning hamkorlikdagi faoliyati alohida oʻrin tutadi. Tuman IIOFMB huzuridagi Qoʻriqlash xizmati bilan hamkorlikda zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi esa bu boradagi saʼy-harakatlarning asosiy poydevori boʻlib xizmat qilmoqda. Xususan, hududdagi koʻp qavatli uylarning har biriga 2 tadan «tashvish tugmalari» oʻrnatilgan. Biror bir favqulodda voqea yuz berganida uning tugmasi bosilsa, bu xabar shahar IIBB huzuridagi Qoʻriqlash xizmati monitoring markaziga tushadi va tez fursatlarda chora koʻriladi. Mahalla bogʻi­ning markaziga oʻrnatilgan kuzatuv kamerasi 150 metr masofani yoritish va 100 metrli kengaytirilgan tungi koʻrish imkoniyatiga ega. Bu hududni tun-u kun toʻliq nazorat qilish imkonini beradi. 

– Oxirgi yillarda mahallamiz misli koʻrilmagan darajada obod boʻldi, – deydi Ozoda Yal­gʻa­shova. – Ilgari tasavvur ham qilib boʻlmaydigan sharoitlar yaratildi. Bu koʻchalarning tekisligi yoki qorongʻida chiroqlarning charogʻon boʻlishi barobarida, xavfsizligimiz va hordiq chiqarish uchun yaratilgan koʻrkam bogʻda ham yaqqol namoyon boʻlib turibdi.

Mahallada barpo etilgan bogʻ, har bir oʻzgarish va oʻrnatilgan zamonaviy texnologiyalar asosidagi uskunalarning zamirida xalqimizning roziligi hamda ertangi kunga boʻlgan mustahkam ishonchi mujassam. Bunyodkorlik nafaqat koʻchalar koʻrkida, balki odamlar dilidagi xotirjamlik va yuzidagi tabassumda ham oʻz aksini topmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, «Bogʻimaydon» tajribasi bugungi yangilanayotgan mamlakatimiz mahallalarining eng yorqin va namunali qiyofasidir.


Sarvar SOBIROV,

oʻz muxbirimiz.

Toshkent shahri.

Ikrom HASANOV olgan suratlar.