Shoʻrchi tumanidagi Jarqishloq mahallasida yashovchi Ozoda (ismlar oʻzgartirilgan) farzandi uchun ikki yoshgacha bola parvarishi uchun nafaqa pulini olish maqsadida tuman Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi sobiq bosh huquqshunos maslahatchisi Nargizaga murojaat qiladi. Nargiza esa tayyor xoʻrak topilganidan foydalanmoqchi boʻladi. U nafaqa pulini tayinlab berishni vaʼda qiladi, faqat taʼma evaziga. 

Ozoda uning gaplarini eri Odiljonga aytadi. Odiljon bu haqda huquq-tartibot idoralariga murojaat qiladi. 

Departamentning tuman boʻlimi, tuman prokuraturasi va tuman IIB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Nargiza 450 ming soʻm pulni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi. 

Nafs insonni ne koʻylarga solmaydi. Bugun muhtojlarga koʻmaklashish oʻrniga undan taʼma kutadiganlar ham, afsuski, bor oramizda. Ammo qilmish – qidirmish. Kishi qilgan xatosi uchun javob bermay qolmaydi. Nargiza ham endi qonun oldida javob berishiga toʻgʻri keladi. 

Hozirda unga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan boʻlib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Feruza RAHMONQULOVA,

“Postda” muxbiri.

Surxondaryo viloyati.